“Vaqf” xayriya jamoat fondi nafaqat ehtiyojmand oilalar, yetim va miskinlarni har jihatdan qoʻllab-quvvatlashni, ularga moddiy yordam berishni maqsad qilgan, balki respublikamiz hududidagi “Mehribonlik”, “Saxovat” va “Muruvvat” uylarida tarbiyalanayotgan, oʻsha yerda yashayotgan oʻzgalar parvarishiga muhoj insonlar holidan xabar olishni ham oʻz oldiga ustuvor vazifa qilib qoʻygan. Ramazon oyida bu kabi xayrli amallar salmogʻi yanada oshmoqda.
Yaqinda “Vaqf” xayriya jamoat fondining Xorazm viloyati filiali vakillari homiylarni jalb etgan holda Xiva shahridagi nogironligi boʻlgan shaxslar uchun faoliyat koʻrsatayotgan “Muruvvat” erkaklar internat uyiga sovgʻa-salomlar bilan kirib borishdi. Bu yerda yashayotgan yurtdoshlarimizga jami 7 mln. soʻmlik turli oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi.