Vaqf fondi Namanganda nogironligi bor bo'lgan shaxslar va yetimlarga xayru ehson ulashdi

Butun olamlarning Parvardigori karami keng, saxovati cheksiz bo'lgan zotki, U o'z xazinai g'aybiyasidan bandalariga qancha in'om qilsa-da, undan hech bir narsa kamaymaydi. Parvardigorimiz biz bandalarini ham O'zining sifatlaridan o'rnak olib, doimo xayru saxovatli bo'lishga va ehson qilishlikka buyuradi. Mazkur buyruqni o'z oldiga dastur qilgan "Vaqf" xayriya jamoat fondi ham o'zining "Muruvvat karvoni" aktsiyasi doirasidagi keng qamrovli xayriya tadbirlarini davom ettirmoqda. Joriy yilning 20 iyunь kuni Namangan viloyatining Namangan shahridagi Turkitson to'yxonasida aktsiya doirasida navbatdagi tadbir o'tkazildi. Tadbirda 72 nafar boquvchisini yo'qotgan yetimlarga kiyim kechak, oziq-ovqat maxsulotlari va 10 nafar nogironligi bor bo'lgan vatandoshlarimizga nogironlar aravachasi va ro'zg'or buyumlari topshirildi. Shuningdek, eshitish va gapirishda nuqsoni bo'lgan fuqarolarimiz uchun masjidlardagi juma ma'ruzalarini surdo tiliga tarjima qilishga mo'ljallangan maxsus texnikalar, viloyat masjidlariga taqdim etildi. 

 

Alloh taolo Qur'oni karimning Oli Imron surasi 92-oyatida shunday marhamat qiladi:

 

“Suygan narsalaringizdan ehson qilmaguningizgacha sira yaxshilikka (janatga) erisha olmaysizlar. Nimaniki ehson qilsangiz, albatta, Alloh uni biluvchidir”.

"Vaqf" xariya jamoat fondi saxovatpesha vatandoshlarimizni muxtojlar ko'nglini shod etib Alloh taoloning roziligiga erishish yo'lida hamkorlik qilishga chorlaydi. Unutmang "Vaqf" fondi xayru ehsonlaringizni o'z egalariga topshirishda shaffoflik va ochiqlikni kafolatlaydi.

 

"Vaqf" xayriya jamoat fondi Matbuot xizmati

21 Iyun