"Vaqf" fondi O‘zbekistonda ziyorat turizmini rivojlantirishga hissa qo‘shmoqda

"Vaqf" xayriya jamoat fondi bugungi kunda turli yo‘nalishlarda yirik loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. Xayriya tadbirlari, vaqf mulklarini tasarruf qilish ishlari bilan bir qatorda "Vaqf" fondi O‘zbekistonda ziyorat turizmi sohasini rivojlantirishga ham o‘z hissasini qo‘shishda faollik ko‘rsatmoqda.

 

Ziyorat turizmi mamlakatimizning jahondagi obro‘-e’tiborini yanada oshirishda, millionlab musulmonlarning buyuk allomalar va mutafakkirlar o‘tgan muqaddas zaminimizga tashrif buyurishida, bizda mavjud islomiy merosni o‘rganishda muhim ahamiyatga ega. 

 

Shuni to‘g‘ri anglagan holda Fond rahbariyati birinchi navbatda yurtimizda sayyohlar uchun zarur infratuzilmani yaratishda ishtirok etmoqlikni muhim vazifa deb qabul qildi. Ziyoratgohlarni ta’mirlash va obodonlashtirish, masjidlar qurish, mavjud masjidlarni qayta ta’mirlashga ahamiyat qaratilmoqda. Buning natijasida nafaqat yurtimiz aholisi uchun, balki musulmon mamlakatlardan tashrif buyurayotgan sayyohlar uchun ham qulay sharoitlar yaratiladi.

 

Fond tasarrufida bugungi kunda 189 ta ziyoratgoh bo‘lib, ushbu ziyoratgohlarni qayta ta’mirlash, obodonlashtirish hamda ziyoratchilarga sharoitlar yaratish hamda boshqa harajatlar uchun 2018 yilda 1,5 millird so‘m, 2019 yilning yanvar-may oylarida 6,5 milliard so‘m sarflangan. Yuqoridagi raqamlardan ko‘rinib turibdiki, Fond tomonidan ziyoratgohlarda ziyoratchilar uchun qulayliklar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

 

Shuningdek, Fond tomonidan yangi masjidlar qurish, masjid namozxonalari va tahoratxonalarini ta’mirlash bilan bog‘liq amaliy ishlar Qashqadaryo, Samarqand, Surxondaryo va Navoiy viloyatlarida amalga oshirilmoqda.

 

Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanidagi "Chim" masjidi, Samarqand viloyati Nurobod tumanidagi "Sarikul" va Toyloq tumanidagi "Yastepa" masjidlari, Navoiy viloyati Nurota tumanidagi "Chuya" masjidlari Fond tomonidan homiylarni jalb etgan holda qurilmoqda. Ushbu to‘rt masjidni qurish uchun bugungi kunga qadar Fond hamda homiylar mablag‘i ajratildi.

 

Bundan tashqari, ziyorat turizmi maqsadida Surxondaryo viloyatiga tashrif buyurgan sayyohlar uchun mo‘ljallangan Termiz shahridagi "Vaqf" mehmonxonasi tashkil etilmoqda. Bugungi kunda ushbu mehmonxonada qurilish ishlari amalga oshirilayotgan bo‘lib, mehmonxona binosini kapital ta’mirlash va mehmonxona sifatida qayta jihozlash uchun Fond va homiylar mablag‘lari hisobidan mablag‘lar sarflandi. Ushbu mehmonxona Hakim at-Termiziy ziyoratgohi yaqinida joylashgan.

 

Alloh taolo O‘zining Kalomida "Kimki bir yaxshilik qilsa, u (yaxshilikning mukofoti)ni ko‘radi" ("Zalzala" surasi, 7-oyat), deya marhamat qilgan. Sahovatpesha homiylarimizning Alloh taolo rizoligi uchun qilgan har bir ehsonlarini O‘zi dargohida qabuli maqbul aylasin.

 

"Vaqf" xayriya jamoat fondi matbuot xizmati

24 Iyun, 2019 yil | 1270