Nogironlik aravachasiga muhtoj fuqaroga ko‘mak ko‘rsatildi

Fond tomonidan ko‘makka muhtoj bo‘lgan nogiron kishilarga ko‘mak berilmoqda. Bunday amaliy ishlarda Fondga tayanch va suyanch bo‘layotgan xayriyaparvar yurtdoshlarimizga Alloh taoloning O‘zi ulkan ajrlar berishini tilaymiz.


Joriy yilning iyun oyida "Vaqf" xayriya jamoat fondiga Toshkent shahri Shayxontohur tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro M.Muhammedova ariza bilan murojaat qilib, farzandi 26 yoshli D.Qobilovaning davolanishi uchun moddiy yordam so‘ragan. D.Qobilova 1-guruh nogironi bo‘lib, doimiy to‘shakda davolanishga majbur. Uning salomatligi uchun dori vositalari zarurligi, oila yashab turgan xonadonning ijara to‘lovlarini to‘lashdagi qiyinchiliklar borligini ma’lum qilgan. Bundan tashqari, D.Qobilova uchun nogironlik aravasi zarurligi ham qayd etildi.

 

Fond rahbari topshirig‘iga binoan, ushbu fuqaroning arizasi atroflicha o‘rganilib, fuqaroga Fond tomonidan yangi nogironlik aravachasini taqdim etishga ko‘rsatma berildi.

 

"Vaqf" xayriya jamoat fondi saxovatpesha insonlarni yurtimizdagi imkoniyati cheklangan insonlarga ko‘mak berish, ularning ko‘ngillarini shod etish hamda og‘irlarini engil qilishda faol bo‘lishga chaqiradi. Muhtoj insonlarga Alloh yo‘lida qarzi hasana qilish orqali oxiratingiz uchun zarur bo‘lgan ajrlarga erishing! Alloh taolo qilayotgan ehsonlarimizni O‘z dargohida qabuli maqbul aylasin!

 

 

 

 

"Vaqf" xayriya jamoat fondi Matbuot xizmati

4 Iyul