Fond tomonidan tibbiy muolajaga muhtoj insonga koʼmak berildi.

"Vaqf" xayriya jamoat fondi tomonidan saxovatpesha insonlarning ko'magi bilan yuzlab tibbiy muolajaga muhtoj, ahvoli nochor bo'lgan insonlarga yordam ko'rsatib kelinmoqda. Bu kabi qo'llab-quvvatlashga muhtoj insonlarning mo'min-musulmonlar e'tiborida ekanini ko'rsatadi.

Joriy yilning iyun oyida Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro, 2-guruh nogironi bo'lgan Laziz Ahmedov Fondga o'zining xastaligi sabab davolanishi uchun ko'mak so'rab murojaat qilgan edi.

Ikki buyragi ishlamaydigan, qonini doimiy ravishda gemodializ amaliyotiga muhtoj bo'lgan L.Ahmedov oilaviy sharoitining og'irligi, voyaga yetmagan farzandlari borligi sabab topgan pulini tibbiy muolajaga yetkaza olmayapti.

Fond rahbarining ko'rsatmasi bilan ushbu insonga zarur dori vositalari va tibbiy muolaja uchun mablag' ajratildi.

Uning onasi esa farzandining ahvoliga befarq bo'lmagan, ularga ko'mak ko'rsatgan xayriyaparvar insonlarni ko'zlarida yosh bilan duolar qildi.

"Vaqf" xayriya jamoat fondi barchani muhtojlarga ko'mak berishga, bu orqali esa Alloh taoloning roziligiga erishishga chaqiradi.

 

"Vaqf" xayriya jamoat fondi matbuot xizmati

3 Iyul, 2019 yil | 1136