"Vaqf" fondi nogiron yigitning nikoh to‘yini o‘tkazadi

"Vaqf" xayriya jamoat fondi tomonidan joriy yilning 24-aprel kuni Toshkent shahridagi "Shayx Zayniddin" jome masjidida yirik xayriya tadbiri tashkil etildi. Ushbu tadbirda Fond boshqaruv raisi Iskandar Xalilov ham ishtirok etdi. Tadbir davomida ko‘makka muhtoj insonlarga 108 million so‘m miqdoridagi moddiy yordam pullari tarqatildi.

 

"Vaqf" fondi rahbari ishtirokchilar orasida bo‘lajak kuyov o‘tirganini bildirib, Fond tomonidan yaqin kunlarda to‘y marosimi tashkil etilishini aytdi.

 

Tadbir yakunida "Vaqf" fondi rahbari ishtirokchilar orasidagi birinchi guruh nogironi Sharipov Azizjon bilan dildan suhbat qilinib yigitning muammolariga quloq solindi.

 

Ma’lum bo‘lishicha, fuqaro Sharipov Azizjon joriy yilning aprelь oyida "Vaqf" xayriya jamoat fondi Toshkent shahar filialiga ariza bilan murojaat qilgan. Jismoniy, moddiy va ma’naviy ko‘makka muhtoj ushbu shaxs murojaatida o‘zining ayanchli ahvoli, yolg‘iz onasi bilan istiqomat qilishini bildirgan. 1983 yilda tug‘ilgan Azizjon 1991 yilda baxtsiz hodisa tufayli elektr toki urishi oqibatida ikki qo‘lidan ayrilgan. Eng achinarlisi orzulari osmon bu vatandoshimizning oilaviy sharoiti ham anchayin og‘ir, boquvchisi ham yo‘q.

Fond rahbari fuqaroning murojaatini inobatga olib, Azizjonning nikoh to‘yini o‘tkazib berish hamda uning to‘y harajatlari Fondning "To‘ylar" aksiyasi doirasida qoplab berilishini ta’kidlab o‘tdi.


Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning «Nikoh mening sunnatimdir, kim mening sunnatimga rag‘bat qilmasa, mendan emas», degan hadislariga muvofiq muhtoj insonlarning nikoh to‘ylarini o‘tkazishda ko‘mak ko‘rsataylik. 


Oqil kishi o‘zi uchun dini va dunyosida manfaat beradigan narsalarga haris bo‘ladi. Bir insonning baxtli oila qurushiga hissa qo‘shish, eng oliy saodatlardan biri hisoblanadi!

 

Nabiy sollallohu alayhi va sallamning ummatiga xos xayrli ishlarda faol bo‘ling.

 

"Vaqf" xayriya jamoat fondi Matbuot xizmati

25 Aprel, 2019 yil | 1436