Vaqf fondi va Kun.uz o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi

6 avgust kuni “Vaqf” xayriya jamoat fondi va Kun.uz o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

Anglashuv memorandumini fond boshqaruv rahbari Jaloliddin Hamroqulov va Kun.uz sayti direktori Mahsudjon Asqarov tomonidan imzolandi.

Ushbu anglashuv memorandum “Vaqf” xayriya jamoat fondining shaffofligini ta’minlab borish maqsadidda fond faoliyatini Kun.uz saytida keng yoritib borish, o‘zaro hamkorlikda xayriya aksiyalari, saxovat ishlarini tashkil etish hamda hamkorlikning boshqa jihatlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida tuzildi.

Eslatib o‘tamiz, “Vaqf” xayriya jamoat fondi O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2018 yil 16 apreldagi “Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5416-son Farmoni bo‘yicha tashkil etilgan bo‘lib u o‘z oldiga masjidlar va diniy ta’lim muassasalarining binolarini qurish, ta’mirlash, rekonstruksiya qilish, diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, tadqiqotchilari, mutaxassislari va o‘quvchi-talabalarini moddiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, shu jumladan, imkoniyati cheklangan shaxslarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash kabi bir qator ishlarni maqsad qilib qo‘ygan.

6 Avgust, 2018 yil | 2087