Vaqfning ijtimoiy-iqtisodiy adolat va taraqqiyotni taʼminlashdagi o‘rni

 

“Alloh yo‘lida mollarini infoq-ehson qiluvchilarning misoli xuddi har bir boshog‘ida yuztadan doni bo‘lgan yettita boshoqni undirib chiqargan bir dona donga o‘xshaydi (yaʼni, qilingan bir yaxshilik yetti yuz barobar bo‘lib qaytishiga ishora qilinmoqda). Alloh istagan kishilariga, bir necha barobar qilib beradi. Alloh (fazlu karami) keng, bilguvchidir” (Baqara, 261).

Vaqf qadim davrlardan beri musulmon mamlakatlarining ijtimoiy-iqtisodiy hayotida muhim ahamiyat kasb etib kelgan, chunki vaqf tizimi mamlakat moliya manbalarini shakllantirishga hissa qo‘shgan.

Vaqf mulklari xususiy mulkchilik shaklidan chiqadi. Shu bilan birga, davlatga ham tegishli hisoblanmaydi. Vaqflarni jamiyatning maʼlum ehtiyojlarini qondiradigan jamoa mulki deyish mumkin.

Vaqf, kutubxonalar, maktab-madrasalar, oliy taʼlim muassasalari, shifoxonalar, yetimxonalar, musofirxonalar, infratuzilma inshootlari qurish (yo‘llar, ko‘priklar, quduqlar v.h.k.z) va boshqa shu kabi loyihalarni o‘z ichiga oladi.

Zotan, vaqf qilishdan ham maqsad Alloh taoloning roziligini istab, boshqalarga manfaat yetkazadigan xayrli loyiha qilishdir.

Vaqf shifoxonalari mudarris va tolibi ilmlar uchun ham tadqiqot markazi bo‘lib xizmat qilgan. Masalan ar-Roziy (841-926) al-Zahraviy (931-1013) Ibn Sino (980-1037) Ibn Rushd (1126-1198) Ibn al-Nafis (1208-1288) kabi yetuk allomalarning yetishib chiqishida ham bunday muassasalarning xizmati beqiyos bo‘lgan. Vaqf shifoxonalari tibbiyot talabalari uchun o‘z davrining eng yaxshi uskunalari bilan jihozlangan va ilmiy meros jihatidan ham juda boy hisoblangan. Masalan, XIV asrda Misrdagi Ibnu Tulun shifoxonasi qoshidagi kutubxonada 100 mingdan ortiq tibbiyotga oid kitoblar mavjud bo‘lgan bo‘lsa, o‘sha davr Yevropasidagi eng katta kutubxonaga ega Parij universitetida atigi 400 turdagi kitoblar saqlangan.

Vaqf tizimining inson va jamiyat taraqqiyotini taʼminlashdagi o‘rniga quyidagilarni misol qilib keltirish mumkin:

  1. Vaqf ham zakot kabi boyliklar taqsimoti va ularning samaradorligi oshishiga xizmat qiladi;

  2. Sog‘liqni saqlash, infratuzilma / shaharsozlik, taʼlim tizimi rivojiga kiritilgan vaqf ko‘rinishidagi beminnat sarmoyalar, davlat byudjetining ijtimoiy himoyaga ajratilayotgan qismining muayyan darajada o‘rnini qoplaydi va shu orqali davlat xarajatlarining bir qismini o‘ziga oladi (davlat byudjetidan tejab qolingan mablag‘larni esa iqtisodiyotning boshqa sohalarga yo‘naltirish imkoniyati paydo bo‘ladi);

  3. Mamlakat infratuzilmasining yaxshilanishi iqtisodiyot o‘sish surʼatlarining tezlashishiga va barqaror iqtisodiyotga erishishga yordam beradi;

  4. Mamlakat fuqarolari (va hatto boshqa yurtlardan kelgan qiynalib qolgan musofirlar)ning davlat va yurtning badavlat kishilaridan (ularning vaqf uchun ajratgan boyliklari sababli) roziligi sabab jamiyat aʼzolari o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar va umumiy muhit yaxshilanadi;

  5. Vaqfning sog‘liqni saqlash va taʼlim sohasi rivojiga qo‘shgan hissasi mamlakat fuqarolari uchun imkon qadar teng imkoniyatlar yaratishga yordam beradi, teng imkoniyatlar esa ijtimoiy adolatni taʼminlashga xizmat qiladi.
    Manba

Vaqfning ijtimoiy-iqtisodiy adolat va taraqqiyotni taʼminlashdagi o‘rni
2 Февраль, 2023 йил | 254