Vaqf barakadir

"Vaqf" xayriya jamoat fondi faoliyati kundan kun rivojlanib, yangidan yangi manzilli reja va dasturlarni amalga oshirmoqda. Xususan, xalqimiz dasturxoniga turli nozu ne’matlarni tortiq qilish, qolaversa arzon narxlarda bozorlarimizga chiqarish yo‘lida amaliy qadamlarni boshlab yubordi. 10 gektarga yaqin yer maydoniga poliz ekinlari, 240 tup limon, bodom, olma, gilos, olcha, nok va boshqa turdagi poliz va meva ko‘chatlari ekildi. Meva tugishi uzoq vaqtni talab etadigan limon ko‘chati bu yilning o‘zidayoq mevalarini berishni boshladi. Bu hech shubhasiz, Alloh taoloning bergan ulkan barakotidir. Bayram dasturxonini meva-chevalarsiz tasavvur etish qiyin. Chunki darmondoriga boy ushbu mahsulotlar ko‘pchilik tomonidan sevib iste’mol qilinadi. 

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, bugun xalqimiz tomonidan arzon mahsulotlarga ehtiyoj yuqori. Ana shuni inobatga olgan holda “Vaqf” xayriya jamoat fondi bu yo‘nalishda ham keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirmoqda. Fond rahbari Iskandar Xalilovning ta’kidlashicha, “Maqsadimiz xalqimiz roziligini olish. Ular dasturxoniga shirin, mazali va asosiysi arzon narxlarda sarxil meva va sabzavot mahsulotlarini yetkazib berish”. Shuningdek, bu hududda asalarichilik, baliqchilik, chorvachilik sohalarini ham rivojlantirish bo‘yicha yo‘l xaritasi ishlab chiqilgan. 

Darhaqiqat, rozi bo‘lib qilingan ishlarda baraka bo‘ladi. Xalqimiz tomonidan vaqf va xayriya ishlari uchun Yaratgan roziligi yo‘lida qilinayotgan bu ehsonlar insha Alloh o‘z mevasini bu dunyoda ham, oxiratda ham bergusi.

 

 

 

 

Yangi tashabbuslar yo`lida

Atirgul isi ko‘pchilikning bahri dilini ochadi. Atirgul shifobaxsh xususiyatlarga ham ega bo‘lib, gulbargi tarkibida efir moyi mavjud. 

 

Darhaqiqat, “Vaqf” xayriya jamoat fondi yana bir tashabbusga qo‘l urdi. Ma’lumki, xalqimiz turli bayramlar, to‘y-tomoshalar, xullas yaxshi kunlar borki, bir bog‘ gullar to‘plamini yaqinlariga ilinadi. Shuni inobatga olib, Fond tomonidan shahrimiz bo‘ylab gul do‘konlarini ochish rejalashtirildi. Dastlab, 4 sotixga yaqin yerga oq va qizil atirgul ko‘chatlari ekilib, hozirda bozorlarimizga chiqish arafasida turibdi. Albatta, bunda ham ramziy ma’no bor. Arzon va qulay narxlarda “Vaqf” gul do‘konlaridan sotib olinsa, ulardan tushgan foyda mamlakatimizdagi mehribonlik uylari, nogironlar, boquvchisini yo‘qotgan va kam ta’minlangan oilalarga beriladi. 

Yangi tashabbuslar yo‘lida Fond rahbariyati doimiy izlanishda. Bu yo‘lda xalqimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlash, qilinayotgan xayrli ishlarga oz bo‘lsada hissa qo‘shish qanchadan qancha insonlarga quvonch va shodlik olib kelishini unutmasliklarini tilab qolardik.

 

 

 

"Vaqf" xayriya jamoat fondi matbuot xizmati

3 Iyul, 2019 yil | 1483