"Vaqf" fondi mas’ullari Erkinjon akaning holidan xabar oldi
Alloh taolo Qur’oni karimda “Suygan narsalaringizdan ehson qilmaguningizgacha sira yaxshilikka (jannatga) erisha olmaysizlar. Nimaniki ehson qilsangiz, albatta, Alloh uni biluvchidir” deya marhamat qiladi. (Oli Imron surasi, 92-oyat).

Avvalroq, vaqf.uz saytimizda "Bosh miyasida o‘simta bo‘lgan Erkinjon aka jarrohlik stoliga yotishi zarur" deb nomlangan maqola e’lon qilingan edi. Ushbu maqolada “Malham” aksiyasi doirasida 1963 yilda tug‘ilgan Abdullayev Erkin Irgashevichning bosh miya orqa qismida 4,5 santimetrli o‘simtani jarrohlik amaliyoti yo‘li bilan davolatish uchun ehsonlar to‘planayotgani ma’lum qilingan edi. 

“Vaqf” xayriya jamoat fondi shu kunga qadar ko‘plab bemor va ko‘makka muhtoj insonlardan ko‘mak so‘ralgan murojaatlarni qabul qilmoqda. Erkinjon akaga Fond tomonidan joriy yilda nogironlik aravachasi homiylar ko‘magi bilan taqdim etilgan edi. Bundan tashqari, joriy yilning 10 iyul kuni ushbu insonning holidan xabar olish maqsadida u kishining xonadonlariga Fond xodimlari tashrif buyurdi. U kishidan hol-ahvol so‘ralib, Fond tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari, kitob va joynamoz taqdim etildi.

 

 

Ko‘makka muhtoj insonlarga yordam qo‘lini cho‘zayotgan sahiy insonlarning ehsonlarini Alloh taolo o‘z dargohida qabul aylasin.

Zero, Alloh taolo Qur’oni karimda "Kimki bir yaxshilik qilsa, u (yaxshilikning mukofoti)ni ko‘radi" ("Zalzala" surasi, 7-oyat), deya marhamat qilgan.

Ma’lumot uchun, “Malham” aksiyasi doirasida katta mablag‘ talab etiladigan tibbiy amaliyotga muhtoj fuqarolarga yordam berish ko‘zda tutilgan. Ushbu aksiya uchun to‘lov elektron to‘lov tizimlari orqali amalga oshirilishi mumkin.


"Vaqf" xayriya jamoat fondi Matbuot xizmati

12 Iyul