"VAQF" fondi tomonidan ustoz va talabalarga Mushaf taqdim etildi

"Vaqf" xayriya jamoat fondi tomonidan Islom ma’rifatini yoyishda jonbozlik ko‘rsatib kelayotgan, o‘z ilmini yoshlarga o‘rgatishdek sharafli vazifani sidqu dildan bajarayotgan ustozlar va ilm toliblarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ko‘plab xayriya aktsiyalari tashkil etib kelinmoqda.

 

Yurtimizda yaqin kunlarda "O‘qituvchi va murabbiylar kuni" keng miqyosda nishonlanadi. Ushbu ayyom munosabati bilan bugun, 25 sentyabr kuni Toshkent shahrida joylashgan "Ko‘kaldosh" o‘rta maxsus islom bilim yurtida ta’lim-tarbiya faoliyati bilan shug‘ullanayotgan ustoz va murabbiylar ishtirokida tadbir tashkil etildi. Tadbirda bilim yurti talabalari ham ishtirok etdilar.

 

"Vaqf" xayriya jamoat fondi rahbari Iskandar Xalilov dinimizda ilm olishga nisbatan berilgan rag‘bat, ilm sohiblarining darajasi haqida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi. U kishi o‘z so‘zida ustoz-murabbiylarga munosabat haqida gapirib, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning: "Albatta, Alloh taolo, Uning farishtalari, osmonlaru yer ahli, hatto kovagidagi chumoli va hattoki baliqgacha odamlarga yaxshilikni ta’lim beruvchiga salovat aytadilar" (Imom Termiziy rivoyati), deb aytgan hadislarini eslab uni sharhlab o‘tdi.

 

Tadbirda mo‘min-musulmonlar qadimdan ustoz va murabbiylarga misli ko‘rilmagan hurmat ko‘rsatib kelgani, farzandlarining kamolotga yetib, dunyoyu oxirat saodatiga erishishlari uchun ustozning o‘rni benazir ekanini yaxshi anglashgani haqida fikr yuritildi.

 

vaqf.uz
vaqf.uz
vaqf.uz
vaqf.uz
vaqf.uz
vaqf.uz

Tadbir yakunida "Vaqf" fondi tomonidan madrasa o‘qituvchi va talabalariga 200 dona Qur’oni karim tortiq qilindi. Talabalarga Islom ustunini qattiq tutishlari hamda kelajakda qori bo‘lib yetishishlarini tilab duoi xayrlar qilindi.


Fond rahbari ustoz va talabalarga "Vaqf" fondi ilm yo‘lida faoliyat olib borayotgan har bir ustoz va tolibning tayanchi bo‘lishga tayyor ekanini bildirib o‘tdi.

 

vaqf.uz
vaqf.uz
vaqf.uz
vaqf.uz
vaqf.uz
vaqf.uz
vaqf.uz
vaqf.uz
vaqf.uz

 

Alloh ilm yo‘lida bel bog‘lagan ustozlarimiz va tolibi ilmlarimizga sabru jamil ato etsin.

 

"VAQF" xayriya jamoat fondi matbuot xizmati

25 Sentyabr