O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Andijon viloyatida ehtiyojmand va kam ta’minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan xayrli tadbirlar davom etmoqda. Shu munosabat bilan Paxtaobod tumanida “Vaqf” xayriya jamoat fondi hamda diniy soha xodimlari ishtirokida “Mehr-saxovat” tadbiri tashkil etildi.
Tadbir doirasida tumandagi 100 ta ehtiyojmand xonadon holidan xabar olinib, ularga moddiy va ma’naviy ko‘mak ko‘rsatildi. Jumladan, “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan 12 million so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari va 100 kilogramm xurmo, saxovatpesha homiylar ko‘magida esa 1 tonna un mahsulotlari oilalarga manzilli ravishda yetkazib berildi.
Tadbir davomida xonadon vakillari bilan samimiy suhbatlar o‘tkazilib, ularning holidan xabar olindi. Ko‘rsatilgan e’tibor va g‘amxo‘rlik ehtiyojmand oilalarga bayram oldidan katta quvonch ulashdi.
Fuqarolar bunday ezgu tashabbus uchun minnatdorlik bildirib, yurtimiz tinchligi va xalqimiz farovonligi yo‘lida xizmat qilayotgan barcha insonlarga, saxovatpesha homiylarga samimiy duolar qildilar. Zero, bir insonning ko‘nglini ko‘tarish — jamiyatga mehr ulashishdir.
"Vaqf" xayriya jamoat fondi Matbuot xizmati