“Vaqf” xayriya jamoat fondi Xorazm viloyati filiali tomonidan homiylarni jalb qilgan holda, Xorazm viloyati Yangiariq tumani Oq masjid mahallasi aholisi uchun suv tanqis hududda toza ichimlik suvi chiqarildi. Bu kabi savobli amallar xalqimiz orasida mehr-oqibat, saxovat va insonparvarlik tuyg‘ularini yanada mustahkamlaydi.
Suv — Alloh taoloning eng buyuk ne’matlaridan biridir. Qur’oni karimda shunday marhamat qilinadi:
“Biz barcha tirik narsani
suvdan yaratdik.”
(Anbiyo surasi, 30-oyat)
Darhaqiqat, inson hayoti ham, tabiatning yashnashi ham suv bilan chambarchas bog‘liq. Ayniqsa, suv tanqis hududlarda yashayotgan insonlarni toza ichimlik suvi bilan ta’minlash ulkan savobli ishlardan sanaladi.
Payg‘ambarimiz Muhammad
sollallohu alayhi vasallamdan:
“Qaysi sadaqa afzal?” deb so‘ralganda, u zot:
“Suv ulashish”, deb javob berganlar.
(Imom Abu Dovud rivoyati)
Bu hadis musulmon kishini insonlarga manfaat yetkazadigan ishlarga, ayniqsa suv chiqarish, quduq qazish, ariqlarni ta’mirlash kabi xayrli ishlarga targ‘ib qiladi.
Bugungi kunda amalga oshirilayotgan bu kabi saxovat ishlari jamiyatimizda birdamlik va hamjihatlikni mustahkamlab, ko‘plab oilalarning duosiga sabab bo‘lmoqda. Ayniqsa, olis va suv taqchil hududlarda yashovchi aholining og‘irini yengil qilish — katta insoniy fazilatdir.
Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi:
“Kim zarra miqdoricha
yaxshilik qilsa ham, uni ko‘radi.”
(Zalzala surasi, 7-oyat)
"Vaqf" xayriya jamoat fondi matbuot xizmati.