Vaqf davlat yoki ayrim shaxslar tomonidan diniy ehtiyoj yoki xayriya ishlari uchun ajratilgan mol-mulk hisoblanadi. Masalan, uy-joy, masjid, madrasa, shifoxona, maktab, ko‘prik va boshqa shu kabilar vaqf mulki bo‘lishi mumkin. Manbalarda madrasa, masjid, maktab,shifoxonalar vaqf mol-mulklari sifatida ajratilgani haqida ma’lumotlar keltirilgan. O‘z mulkini vaqfga topshirgan shaxs mazkur mulkka nisbatan egalik huquqini yo‘qotadi. Lekin uning o‘zi yoki oila a’zolari yoxud uchinchi bir shaxs vaqf mulkidan vaqfnomada qayd etilgan maqsadlarda foydalanilayotganini aniqlash uchun vaqf mulkini boshqarish huquqini saqlab qolishi ham mumkin. O‘z mulkini vaqf mulki sifatida topshirgan shaxsning farzandlari yoki boshqa avlodlari mazkur vaqf mulkidan keladigan daromadlardan nafaqa olib turishlari ham joiz bo‘ladi.
“Vaqf” arabcha so‘z bo‘lib, “tutib turish”, “to‘xtatish” ma’nolarini anglatadi. Vaqf – narsani Alloh mulki hisobida saqlashdir. Ya’ni, vaqf qilingan narsa vaqf qiluvchining mulkidan chiqadi va Alloh mulkiga aylanadi. Vaqf qilingan narsadan keladigan foyda vaqf qiluvchi uni vaqf etishda tayinlagan jihatga sarf qilinadi va savobi vaqf qiluvchiga abadiy bo‘ladi. Vaqf qilingan narsa sotilmaydi, hadya qilinmaydi, meros bo‘lmaydi.
Vaqf ko‘chmas mulk – binolar, bog‘lar va shu kabilar hamda ko‘char mulk – foydalanilgandan so‘ng asli qoluvchi ashyolar, masalan, ishlab chiqarish dastgohlari kabilarni o‘z ichiga oladi. Vaqf ishlari Islomda mustahab amallardan sanaladi. Foydalanilgandan so‘ng asli qolmaydigan narsalar – pul mablag‘i yoki taomlar vaqf bo‘lmaydi. Ular sadaqa hisoblanadi.
Dinimizda quyidagi oyat va hadislar vaqfning shar’iy joriy qilinganiga dalolat qiladi: “Ey, imon keltirganlar! O‘z qo‘l mehnatingiz va Biz sizlar uchun yerdan chiqargan narsalarning yaxshilaridan ehson qilingiz!” (Baqara, 267).
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Abu Tolha roziyallohu anhu Madina shahrida ansoriylar ichida mol-mulki eng ko‘p kishi edi. Mol-mulki ichida “Bayruho” bog‘i eng mahbubi edi. Bu bog‘ masjidning to‘g‘risida edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bog‘ga kirib, undagi shirin suvdan ichar edilar. O‘sha kunlarda “O‘zingiz suygan narsadan nafaqa qilmaguningizcha, hargiz yaxshilikka erisha olmaysiz”, degan mazmundagi oyati karima nozil bo‘lganda, Abu Tolha roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib: “Ey Allohning Rasuli, Alloh taolo: «O‘zingiz suygan narsadan nafaqa qilmaguningizcha, hargiz yaxshilikka erisha olmaysiz» deb bayon qildi. Mol-mulkim ichida men uchun eng mahbubi “Bayruho”dir. Uni Alloh uchun sadaqa qildim, Allohning huzuridagi yaxshiligi va savobidan umidvorman. Ey Allohning Rasuli, Siz uni o‘zingiz xohlagan joyga ishlating”, dedi. Shunda U zot: “Yaxshi, bu foyda beruvchi mol, bu foyda beruvchi mol. Bu bog‘ haqida nima deyayotganingni tushundim. Men uni qarindoshlaringga ishlatsang deyman”, dedilar. Abu Tolha roziyallohu anhu: “Huddi shunday qilaman, ey Allohning Rasuli”, dedi. Keyin uni Abu Tolha roziyallohu anhu qarindoshlari va amakisining o‘g‘illariga taqsimlab berdi.
Amr ibn Horis roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Nabiy sollallohu alayhi vasallam vafot etgan vaqtlarida dirham ham, dinor ham, qul ham, cho‘ri ham, qo‘y ham qoldirmadilar. Faqat oq xachiri, silohlari va sadaqa qilgan yerlari qoldi”.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamdan keyin qolgan narsa bor-yo‘g‘i urushda ishlatadigan siloh va bitta xachir bo‘lgan. Fath qilingan yerlardan ko‘plar qatori tekkan ulushlarini sadaqa, vaqf qilib qo‘ygan edilar.
Yana bir hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam:
“Qachonki odam bolasi o‘lsa, amali kesiladi. Magar uch narsadan: sadaqai joriyadan, manfaatli ilmdan yoki uning haqqiga duo qiladigan solih farzanddan kesilmaydi”, dedilar.
Ma’lumki, musulmon kishi sof niyat bilan qilgan har bir yaxshi amali uchun savob olishga musharraf bo‘ladi. Kiromul kotibin farishtalar uning nomai a’moliga zarra miqdoricha yaxshiligi bo‘lsa ham, o‘shanga yarasha savobini yozib turadi. Agar bemor bo‘lib, uzr ila odatdagi yaxshilik amalini qila olmay qolsa ham farishtalar unga xuddi o‘sha amalni qilgandek savob yozadi. Vaqti soati kelib inson vafot etsa, yaxshi amallarini tamoman qilaolmay qoladi. Bundan keyin qilishdan ham umid uziladi. Endi undan hayotligidagi amallari – qiladigan ibodat va yaxshiliklariga yoziladigan savoblar ham kesiladi. Namoz o‘qiganda, ro‘za tutganda, tilovat, zikr qilganda va boshqa yaxshi amallaridan yoziladigan savoblar to‘xtaydi. Chunki endi u vafot etdi. Ibodat qilishdan, amali solih qilishdan to‘xtadi. Shuning uchun har bir mo‘min banda tirik chog‘ida solih amalni ko‘p qilib qolishga urinmog‘i lozim. Shu bilan birga, mo‘min kishiga tiriklik chog‘ida oxiratni o‘ylab, vafotidan keyin ham savobi borib turadigan amallarni qilib olish imkoni berilgan. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam mazkur hadislarida odam bolasi vafotidan so‘ng amali kesilishini aytish bilan birga, undan keyin ham savobi yetib turadigan amallar uchta ekanini ta’kidlamoqdalar. Ulardan biri “Sadaqai joriya” deganda, musulmonlarga doimiy ravishda foyda berib turadigan xayrli ishlar ko‘zda tutiladi. Masalan, ko‘pchilik foydalanishi uchun qurilgan ko‘prik, quduq yoki ariq qazib suv keltirish, doimiy manfaat berib turadigan boshqa vaqflar shular jumlasidandir. Bu narsalardan mo‘min-musulmonlar foyda olib tursalar, o‘sha ishlarni qilgan odamga uning vafotidan keyin ham savobi yetib turadi.
Musulmonlar bu toifa ishlarni qadimdan ixlos bilan qilib kelishgan. Islom olamining turli joylarida ko‘plab vaqflar tashkil qilganlar. Beva-bechoralarga,tolibi ilmlarga, musofirlarga, hojilarga, qariyalarga, hatto egasiz, adashib qolgan hayvonlarga atalgan vaqflar ham bo‘lgan. O‘sha vaqflar orqali mazkur toifalar doimiy ravishda manfaat olib turgan. Tabiiyki, ulardan hosil bo‘lgan savoblar egalariga ularning vafotidan keyin ham borib turgan. Agar sadaqai joriyalari qiyomatgacha musulmonlarga foyda berib tursa, ularga qiyomatgacha savob qo‘shilib turaveradi.
Yana bir hadisi sharifda Imom Buxoriy hazratlari rivoyat qiladi: “Hazrati Umar: “Ey Allohning Rasuli, mening Haybardagi ulushimdan ko‘ra yaxshiroq narsam yo‘q. Nima qilishga buyurasiz?” dedi. U zot: “Aslini ushlab turgin-da, tushgan foydani sadaqa qilib tur”, dedilar.
Vaqf qilishdan xayriya ishlarga bel bog‘lab, Allohning amriga buysunish, Islom ummati bir-birini qo‘llab-quvvatlash, jamiyatda tenglik, o‘zaro birodarlikni uyg‘otish, kishi jamiyat oldida ijtimoiy-iqtisodiy maqsadlarini amalga oshirishi, silai rahm va hojatmand insonlar ehtiyojini ta’minlash kabilar asosiy maqsad qilingan.
Insonlar o‘rtasida birdamlikni mustahkamlashda vaqfning o‘rni juda katta ekani ma’lum. Vaqf sababli ehtiyojmand kishilar, kam ta’minlangan oilalar, yolg‘iz keksalar va beva-bechoralarning moddiy ta’minoti yaxshiladi. Shuningdek, jamiyatning ilmiy taraqqiyoti uchun ahli ilmlarning ta’minoti kafolatlanadi. Vaqf yordamida masjid va madrasalar kabi omma uchun manfaatli bo‘lgan turli inshootlar bino qilinadi. Vaqf sababli inson ulkan ajr-savobni qo‘lga kiritadi, banda Alloh taologa qurbat hosil qilgani uchun bu amal mustahab amali hisoblanadi.
Bugungi kunda vaqf tushunchasi kengayib, barcha xayriya ishlari bilan shug‘ullanadigan tashkilotlarni vaqf fondlari deb yuritilmoqda. 2018 yil 16 aprelda davlatimiz Rahbarining “Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi tarixiy farmoni bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzurida “Vaqf” xayriya jamoat fondi tashkil etildi. Uning asosiy vazifalari sirasiga fuqarolarning diniy, ma’naviy va intellektual salohiyatini oshirishga qaratilgan tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash ham kiritilgan. Shuningdek, masjidlar va diniy ta’lim muassasalarining binolarini qurish, ta’mirlash, obodonlashtirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, tarixiy-me’moriy ahamiyatga ega ziyoratgohlarni saqlash, ta’mirlashda ham fond mablag‘laridan foydalaniladi.
Diniy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyatini moliyalashtirish, ularning professor-o‘qituvchilari, tadqiqotchilari, mutaxassislari va o‘quvchi-talabalarini moddiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, masjidlar va ziyoratgohlar xodimlarini, xususan imom-xatiblar, imom noiblari, mutavallilar, muazzinlarni qo‘llab-quvvatlash hamda diniy-ma’rifiy asarlarni chop etish va aholiga yetkazishga ko‘maklashadi. Eng muhimi, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, shu jumladan imkoniyati cheklangan shaxslarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlaydi.
Ko‘ngillarga xursandchilik ulashadigan mana shunday amallarni ado etish orqali o‘z mablag‘larini dinimiz manbalarida belgilangan kishilarga yetkazishni istagan mo‘min-musulmonlar Vaqf xayriya jamoat fondining hisob raqamiga zakot va fitr sadaqalarini o‘tkazishlari mumkin.
Zero, “Vaqf” xayriya jamoat fondining asosiy maqsadi ham xayriya mablag‘larini o‘z o‘rnida shaffoflik asosida tasarruf etishdir.
Jaloliddin HAMROQULOV