Samarqand viloyati Nurobod tumani Po‘latchi mahallasida istiqomat qiluvchi, boquvchisini yo‘qotgan Avazova Adolat opa 12 yoshli farzandlari bilan og‘ir sharoitda yashab kelayotgan edi.
Oilaning yashab turgan xonadoni ancha xarob holga kelib qolgan bo‘lib, yomg‘irli kunlarda tomidan suv o‘tar, sovuq kunlarda esa xonadonni isitish tobora qiyinlashardi. Farzandi bilan bunday sharoitda kun kechirayotgan Adolat opa uchun munosib va xavfsiz uyga ega bo‘lish katta orzu edi.
Bu oilaning og‘ir sharoitidan “Vaqf” xayriya jamoat fondi xabar topdi. Saxovatpesha yurtdoshlarimizning ehson va xayriyalari bilan hamjihatlikda ehtiyojmand oila uchun yangi, shinam xonadon bunyod etildi. Uy barcha zarur zamonaviy jihozlar bilan ta’minlanib, oilaga tantanali ravishda topshirildi.
Yangi xonadonni ko‘zdan kechirar ekan, Adolat opaning quvonchdan ko‘zlariga yosh keldi. U ushbu ezgu ishga hissa qo‘shgan barcha saxovatpesha insonlarga samimiy minnatdorlik bildirib, ularning haqqiga duo qildi.
Bir oilaning boshpanaga ega bo‘lishi — shunchaki yangi uy qurish emas. Bu — farzandlarga xotirjam bolalik, onaga esa ertangi kunga umid hadya etishdir.
Alloh taolo marhamat qiladi:
«Yaxshilikning mukofoti faqat yaxshilikdir».
(Rahmon surasi, 60-oyat)
Hech bir yaxshilik Alloh huzurida zoye ketmaydi. Inson qilgan ehsoni va saxovatining mukofotini bu dunyoda ham, oxiratda ham ko‘radi.
Yaxshilik qilishdan, ehson qilishdan va muhtojlar ko‘nglini ko‘tarishdan charchamaylik. Zero, bir oilaga berilgan mehr — butun bir xonadonga umid olib kiradi.