Yurtimizda fuqarolarning ibodatlarini munosib va qulay sharoitlarda ado etishlari uchun masjidlar infratuzilmasini yaxshilash, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Prezidentimiz tashabbuslari asosida respublikamizdagi masjidlar tahoratxonalarini ta’mirlash va qayta qurish bo‘yicha tegishli topshiriq berilgan edi. Mazkur topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan keng ko‘lamli amaliy ishlar olib borilmoqda.
Dastlab respublikamizning 12 ta viloyati hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi masjidlarning tahoratxonalari holati atroflicha o‘rganildi. O‘rganishlar davomida texnik holati talabga javob bermaydigan, ta’mirtalab va eng og‘ir ahvoldagi tahoratxonalar aniqlanib, ularning 500 tasida ta’mirlash va qayta qurish ishlarini amalga oshirish belgilandi.
Mazkur loyihaning asosiy maqsadi — masjidlarga tashrif buyuruvchi yurtdoshlarimiz uchun tahorat olish jarayonida zamonaviy, toza, shinam va qulay sharoitlar yaratishdir.
Bugungi kunga qadar ushbu yo‘nalishdagi ishlar bosqichma-bosqich amalga oshirilib, ta’mirlangan va qayta qurilgan tahoratxonalar ketma-ket ravishda xalqimiz foydalanishiga topshirilmoqda.