Vaqf xayriya jamoat fondi azon musobaqasi ishtirokchilarining to‘lov-shartnoma pulining ma’lum qismini to‘lab beradi

Vaqf xayriya jamoat fondi azon musobaqasi ishtirokchilarining to‘lov-shartnoma pulining ma’lum qismini to‘lab beradi

Bugun, 8 iyun kuni Toshkent Islom instituti asosiy binosida “Tahfizul-Qur’on” kafedrasi tashabbusi bilan talabalar o‘rtasida “Najotga shoshilaylik” shiori ostida azon musobaqasi bo‘lib o‘tdi.

Musobaqaning asosiy maqsadi – talabalarda azonning tarixi hamda uning talaffuzi va tarannumi, fiqhiy qoidalarini o‘zlashtirishlariga qiziqtirish, talabalar azonni mahorat bilan aytish malakasini hosil qilishlariga ko‘maklashishdir.

Musobaqa ikki shart asosida o‘tkazildi:

birinchi shartda ishtirokchilarning azonni mahorat bilan aytib berishi talab etildi va hakamlar ovoz, tarannum va to‘g‘ri talaffuz me’yorlari;

ikkinchi shartda ishtirokchilar bilet asosida azonga doir fiqhiy savollarga javob berdilar, hamda javoblarning to‘liq va mukammalligiga alohida e’tibor qaratildi.

Yakuniy to‘plangan ballar yig‘indisiga ko‘ra quyidagi talabalar g‘olib deb topildilar:

1-o‘rinni Mavlanov Abdulahad,

2-o‘rinni Mardanov Muhammad,

3-o‘rinni Ziyouddinov Muhammad Sodiq qo‘lga kiritdilar.

Avval aytib o‘tganimizdek, musobaqani o‘tkazishda Vaqf xayriya jamoat fondi g‘oliblarga qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirladilar. Jumladan, 1 o‘ringa 1 000 000 so‘m, 2- o‘ringa 500 000 so‘m va 3-o‘ringa 300 000 so‘mlik to‘lov-shartnoma mablag‘lari Vaqf xayriya jamoat fondi to‘lab beriladigan bo‘ldi.

Qolgan 11 ta ishtirokchilarga esdalik sovg‘alar hamda 100 000 so‘m to‘lov-shartnoma mablag‘i berildi.

Shu bilan birgalikda hakamlar hay’atiga ham Toshkent Islom instituti hamda Vaqf xayriya jamoat fondining qimmatbaho sovg‘alari taqdim qilindi.

Eslatib o‘tamiz, “Vaqf” xayriya jamoat fondi O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2018 yil 16 apreldagi “Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5416-son Farmoni bo‘yicha tashkil etilgan bo‘lib u o‘z oldiga masjidlar va diniy ta’lim muassasalarining binolarini qurish, ta’mirlash, rekonstruksiya qilish, diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, tadqiqotchilari, mutaxassislari va o‘quvchi-talabalarini moddiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, shu jumladan, imkoniyati cheklangan shaxslarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash kabi bir qator ishlarni maqsad qilib qo‘ygan.

9 Iyun, 2018 yil | 1069