O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida “Sport – tinchlik elchisi” shiori ostida “Imom Moturidiy kubogi” sport musobaqasi bo‘lib o‘tdi.
Ochilish marosimida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiq Toshboyev, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Kongratbay Sharipov, Sport vaziri Adham Ikramov, O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov qatnashib, ishtirokchilarni tabriklash barobarida ulug‘ alloma bobomiz nomi ostida o‘tkazilayotgan musobaqaning ahamiyati, ta’lim-tarbiyaga berilayotgan e’tibor to‘g‘risida nutq so‘zlashdi.
Tadbir ishtirokchilariga haj safarida bo‘lib turgan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Makka shahridan videotabrik yo‘llab, ishtirokchilarni qutlash barobarida dinimiz kishilarni sport bilan shug‘ullanishga buyurganini ta’kidlab o‘tdi.
Ilk marotaba tashkil etilayotgan ushbu sport musobaqasida O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi, Akademiya qoshidagi akademik litsey, O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi Toshkent islom instituti, Mir Arab oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi va Termiz islom instituti talabalari mini-futbol, voleybol, stol tennisi, shaxmat-shashka kabi sport turlari bo‘yicha bellashish barobarida milliy o‘yinlar – kurash, arqon tortish, tosh ko‘tarish kabi bahslarda ishtirok etishdi.
G‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan mukofotlandi. Xususan, musobaqada birinchi o‘rinni olgan ishtirokchilar “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan ajratilgan noutbuklar bilan taqdirlandi.