Fidya

Alloh taologa hamd, payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga salotu durudlar bo‘lsin.

Surunkali kasallik bilan xastalangan, ro‘za tutish ularning salomatligiga ziyon yetkazishi mumkin bo‘lgan uzri borlar Ramazon ro‘zasini tutishdan ozod etilgan. Buning uchun ularga gunoh yozilmaydi, zero Qur’oni Karimda bunday marhamat qilinadi: “… bemorga ham gunoh yo‘qdir…”(Nur surasi 61-oyat). Boshqa bir oyatda: “…dinda sizlarga biror haraj (qiyinchilik) qilmadi…” (Haj surasi 78-oyat) deyiladi.

Bunday kishi ro‘za tutmaganligi uchun fidya to‘lashi lozim. Bu haqda Qur’onda shunday deyiladi: “Sanoqli kunlarda. Bas, sizlardan kimki bemor yoki safarda bo‘lsa, sanog‘i boshqa kunlardandir. Madori yetmaydiganlar zimmasida bir miskin kimsaning (bir kunlik) taomi fidyadir. Kimki ixtiyoriy ravishda ziyoda xayr qilsa (lozim bo‘lganidan ortiq fidya bersa), o‘ziga yaxshi. Agar bilsangiz,ro‘za tutishingiz (fidya berib tutmaganingizdan) yaxshiroqdir” (Baqara surasi 184-oyat).

Abu Hurayra roziyallohu anhu: “Kimga qarilik yetgan bo‘lsa va u Ramazon oyining ro‘zasini tuta olmasa, har bir kuni uchun bir mudd bug‘doy miqdorida fidya to‘lashi shart”, – degan (Doriqutniy, Bayxaqiy).

Ibn Abu Laylo bunday so‘zlab berdi: “Bizga Muhammad sollallohu alayhi vasallamning as’hoblari aytib berishganki, Ramazon (oyati) nozil bo‘lganda bu ularga og‘ir kelgan ekan. Shu bois, qiynalib tutadiganlar orasida har kuni bir miskinni taomlantirib, ro‘zani tark qilganlar ham bo‘lgan ekan. Ularga shunga ruxsat berilgan ekan. Keyin buni “Va ro‘za tutishingiz siz uchun yaxshidir” (degan oyat) nasx qilib, ro‘za tutishga buyurilibdilar” (Buxoriy).

Bundan ko‘rinadiki, ro‘za tutishga qodir bo‘lmagan kishi fidya to‘laydi, basharti vaqt o‘tishi bilan u qodir bo‘lib qolsa, qazosini tutib beradi.

Fidya “fido qilish” ma’nosini anglatadi va shariatga ko‘ra, ro‘za tutishga qodir bo‘lmagan insonning (qari, kasal, musofirlar) uning o‘rniga sarmoya sarflashi “fidya berish” deb tushuniladi. Xanafiylikka ko‘ra fidyani Ramazon oyining boshida yoki oxirida to‘lash mumkin.

So‘zimiz so‘ngida, Alloh taolodan barcha xasta musulmonlarning dardlariga shifo berishini va gunohlarini afv etishini so‘raymiz.