“Yilning eng yaxshi hadis fani o‘qituvchisi” tanlovi

Joriy yilning 16 may kuni “Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurtida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi diniy ta’lim muassasalari Hadis fani o‘qituvchilari o‘rtasida “Yilning eng yaxshi o‘qituvchisi” ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi.

“Yilning eng yaxshi o‘qituvchisi” ko‘rik-tanlovi O‘zbekiston musulmonlari idorasining 2018 yil 30 martdagi “Yilning eng yaxshi o‘qituvchisi” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichini o‘tkazish to‘g‘risida”gi 01A/041-sonli buyrug‘iga ko‘ra tashkil etildi.

Ko‘rik-tanlovda Toshkent islom instituti, Mir Arab oliy madrasasi va o‘rta maxsus islom bilim yurtlarining Hadis fani o‘qituvchilari ishtirok etdilar.

Ko‘rik-tanlovga O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Shayx Abdulaziz Mansur hazratlari, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ta’lim va kadrlar tayyorlash bo‘limi boshlig‘i Jaloliddin Nuriddinov, bo‘lim mutaxassislari Salohiddin Sherxonov va Akbar Do‘smatov, “Hilol nashr” nashriyoti rahbari Ismoiljon Muhammad Sodiq, Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un G‘ofurov, institut o‘qituvchisi Abdullatif Alloqulov, Toshkent islom universiteti o‘qituvchisi Jasur Najmiddinovlar tashrif buyurdilar.

Ishtirokchilar tanlovda quyidagi 4 ta yo‘nalish bo‘yicha bilim va mahoratlarini namoyish etdilar:

a) og‘zaki savol-javob (darsni tashkil qilish, dars o‘tish asnosida foydalanadigan uslublar, jamiyatni ma’naviy saviyasini oshirish uchun amalga oshirilishi kerak bo‘lgan choralar va shu kabi pedagogning mahoratini namoyish qiladigan savollar beriladi).

b) bilet asosida berilgan masalani hadislarni sharhlash orqali yechish. (Har bir bilet 1 ta savoldan iborat bo‘lib, hadis ilmi, mazhab va mazhabboshilar haqidagi turli ixtilofli qarashlarga qarshi hadislarni sharhlash orqali raddiya beriladi).

v) bilet asosida berilgan hadisni sharhlab berish (hadis tarjima qilinib, unga doir hukmlarni bayon qilinadi).

g) og‘zaki savol-javob (bilet savollari asosida javob beriladi. Har bir bilet 3 ta savoldan iborat bo‘lib, muhaddislar hayoti, hadis asarlari, ularning turlari va mustalahul hadis qoidalariga oid savollar qo‘yiladi).

Hakamlar hay’ati ishtirokchilarning chiqishlarini baholab bordilar.

Tanlov nizom talablari asosida xolis, shaffof va adolatli o‘tishi O‘zbekiston musulmonlari idorasi kuzatuvchilari tomonidan nazorat qilindi.
“Yil o‘qituvchisi-2018” musobaqasi yakunida O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ta’lim va kadrlar tayyorlash bo‘limi mutaxassisi A.Do‘stmatov so‘z olib, musobaqa natijalari yuzasidan o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi. So‘ng “Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurti ma’naviy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha mudir o‘rinbosari A.G‘aniyev imtihon natijalari bilan tanishtirdi.
Hakamlar hay’ati hisob-kitoblariga ko‘ra, birinchi o‘rinni Toshkent islom instituti o‘qituvchisi Abdulhodiy G‘iyosov 1-o‘rinni egallab, 1-darajali diplom, eng kam ish haqining 10 barobari miqdorida pul mukofoti va televizor sovg‘asiga ega bo‘ldi.


2-o‘rinni “Mir Arab” o‘rta maxsus islom bilim yurti o‘qituvchisi Erkin Qudratov qo‘lga kiritdi, u 2-darajali diplom hamda mikroto‘lqinli pech bilan mukofotlandi.
3-o‘rin “Mir Arab” oliy madrasasi o‘qituvchisi Ibrohim Saidovga nasib etdi, unga 3-darajali diplom hamda changyutgich sovg‘a qilindi.
Qolgan ishtirokchilar faxriy yorliq va 300.000 (uch yuz ming) so‘m miqdoridagi kitoblar to‘plami bilan taqdirlandilar. Shuningdek, musobaqa ishtirokchilari uchun “Hilol nashr” nashriyoti tomonidan ham kitoblar to‘plami sovg‘a qilindi. Sovg‘a, diplom va faxriy yorliqlarni O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ta’lim va kadrlar tayyorlash bo‘limi mutaxassislari A.Do‘smatov va S.Sherxonov topshirdilar.

Shuningdek, shu kunning o‘zida O‘zbekiston musulmonlari idorasining “Movarounnahr” nashriyoti tomonidan chop etilgan kitoblar ko‘rgazmasi ham bo‘lib o‘tdi. Ko‘rgazmaga diniy-ma’rifiy mazmunda 30 turdagi arab, ingliz, rus va o‘zbek tillaridagi kitob, gazeta va jurnallar olib kelindi. Ko‘rgazmaga tashrif buyurganlar uchun shu yerning o‘zidan o‘zlariga ma’qul adabiyotlarni harid qilish imkoniyatlari yaratildi.

17 May, 2018 yil | 1508