Zakotni iloji boricha o‘z vaqtida bergan yaxshi. Har bir ish o‘z vaqtida bo‘lgani ma’qulligi hamma narsaga ham taalluqli. Zakotni vaqtidan oldin berish ham joiz. Qancha oldin berishni xohlasa, shuncha oldin berilaveradi. Ammo uzrsiz bo‘lsa, keyinga surish mutlaqo joiz emas. Uzrli bo‘lsa, xususan, ko‘pchilikning foydasi uchun zarur vaqtni ko‘zlab kechga surilsa joiz.
Zakotni ajratgandan keyin u mol egasining aybi bilan zoye bo‘lsa, qaytadan ajratadi. Agar bunda mol egasining aybi bo‘lmasa, qaytadan ajratmaydi. Zakot farz bo‘lgan vaqtda uni ajratmagan bo‘lsa, necha yil o‘tsa ham, zakotning farzligi soqit bo‘lmaydi, chunki bu miskin va faqirlarga haq o‘laroq, Alloh taolo tomonidan farz qilingandir. Bu sobit haq bo‘lib, vaqt o‘tishi bilan soqit bo‘lmaydi.
Zakot farz bo‘lganidan keyin mol egasi vafot etib qolsa, agar merosxo‘rlarning barchasi balog‘atga yetgan bo‘lib, rozilik bildirishsa, molidan zakot chiqariladi. Zakotni soqit qilish uchun turli hiylalar ishlatish mutlaqo mumkin emas. Mol egasi zakotni topshirish uchun ishonchli va omonatga xiyonat qilmaydigan odamni vakil qilsa bo‘ladi.
Ulamolarimiz zakotni ochiq-oydin, aytib bergan afzal, deyishadi, chunki bundan boshqalar ham o‘rnak olishadi va mol egasining zakot bergan-bermagani haqida yomon gumonga borishmaydi. Bu xuddi farz namozni jamoat bilan ochiq-oydin o‘qish afzal ekaniga o‘xshashdir.
Ulamolarimiz zakotni faqir kishiga berganda uning faqirligini, haqdorligini bilaturib, berayotgan moli zakot ekanini aytmagani durust, deyishadi. Imom Ahmad va Imom Molik: “Bu ishda faqirning ko‘nglini sindirish bor, shuning uchun makruhdir”, deganlar.
Turli o‘lkalarning musulmonlari ulamolarga “Hozirgi soliqlarni zakot hisoblasa bo‘ladimi?” degan savol bilan murojaat qilishgan. Jumhur ulamolar, jumladang, Ibn Hajar Haysamiy, alloma Ibn Obidin Hanafiy, shayx Aliysh, Sayyid Rashid Rizo, shayx Mahmud Shaltut, shayx Muhammad Abu Zahra va boshqalar soliqlar hech qachon zakot o‘rniga o‘tmasligini ta’kidlashgan. Zero, zakotning o‘ziga yarasha shartlari borki, ularni yuqorida o‘rganib chiqdik.
Zakot bilan soliqlarni solishtirib ko‘ramiz:
1. Zakotdan olinadigan miqdorni shariat o‘ndan bir, o‘ndan birning yarmi yoki choragi bo‘lishini tayin qilib qo‘ygan. Soliqda esa hukumat o‘zi belgilagan miqdorni oladi.
2. Zakotda Alloh subhanahu va taologa ibodat qilish niyati bor, soliqda bu niyat mutlaqo yo‘q, bo‘lishi mumkin ham emas.
3. Zakot maxsus sakkiz toifaga bo‘lib beriladi. Soliq esa boshqa maqsadlarga ham sarflanadi.
Ko‘rinib turibdiki, hech bir holda soliqni zakot deb bo‘lmaydi. To‘g‘ri, bu masala musulmon kishiga og‘ir keladi. U ham soliq, ham zakot to‘lashi kerak. Lekin musulmon uchun Alloh taoloning amrini bajarish hamma narsadan ustun turadi.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf
(Mo‘minning najoti kitobidan)