Fitr sadaqasi haqida

 

قَدْ أَفْلَحَ مَنْ تَزَكَّى وَذَكَرَ اسْمَ رَبِّهِ فَصَلَّى

“Batahqiq, kim zakot ila poklansa va Robbisi ismini zikr qilsa, najotga erishur”, degan. A’la surasi 14-15-oyatlar.

عَنْ كَثِيْرِ بنِ عَبْدِ اللهِ عَنْ أَبِيْهِ عَنْ جَدِّهِ أَنَّ رَسُولَ اللهِ سُئِلَ عَنْ هَذِهِ اْلآيَةِ فَقَالَ: نَزَلَتْ فِي زَكَاةِ الْفِطْرِ. رَوَاهُ ابْنُ خُزَيْمَةَ

Kasir ibn Abdullohdan, u otasidan, otasi bobosidan rivoyat qilinadi:

“Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan ushbu oyat haqida so‘ralgan edi. “Fitr sadaqasi haqida nozil bo‘lgan”, dedilar”.

Ibn Xuzayma rivoyat qilgan.

SAVOL: fitr sadaqasini berish qanday amal.

JAVOB: fitr sadaqasini berish vojibdir.

أَمَّا وُجُوبُهَا فَلِقَوْلِهِ عَلَيْهِ الصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ فِي خُطْبَتِهِ { أَدُّوا عَنْ كُلِّ حُرٍّ وَعَبْدٍ صَغِيرٍ أَوْ كَبِيرٍ نِصْفَ صَاعٍ مِنْ بُرٍّ أَوْ صَاعًا مِنْ تَمْرٍ أَوْ صَاعًا مِنْ شَعِيرٍ

Fitr sadaqasining vojib bo‘lishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning xutbada aytgan so‘zlari ila sobit bo‘lgandir:

“Har bir balog‘atga yetgan-yetmagan hur va qulning tarafidan bug‘doydan yarim so’ yoki xurmo va arpadan bir so’ fitr sadaqasini ado qilinglar”.

Bir so’ – 3.800 gr.

Yarim so’ – 1.900 gr.

SAVOL: fitr sadaqasini berish kimlar zimmasiga vojibdir?

JAVOB: musulmon erkagu ayol, balog‘atga yetgan-yetmagan, xoh oqil, xoh majnun bo‘lsin, nisob egasi bo‘lsalar zimmalariga fitr sadaqasini berish vojib bo‘ladi. Shuningdek musulmon, nisobga moli yetgan erkak o‘zi va balog‘atga yetmagan, nisob egasi bo‘lmagan farzandlari uchun fitr sadaqasini berishi vojib bo‘ladi. Ayol kishi, balog‘atga yetgan bolalar nisob egasi bo‘lsalar zimmalariga fitr sadaqasi vojib, nisob egasi bo‘lmasalar vojib emas.

تَجِبُ صَدَقَةُ الْفِطْرِ عَلَى كُلِّ حُرٍّ يَمْلِكُ نِصَابًا فَاضِلًا عَمَّا لَا بُدَّ لَهُ مِنْهُ كَمَسْكَنِهِ إلَى آخِرِ مَا ذُكِرَ

Fitr sadaqasini berish yashab turgan uyi, qish-yozda kiyadigan kiyimi, kundalik yumushlariga kerak bo‘ladigan uy-ro‘zg‘or buyumlari kabi ehtiyojiga kerakli bo‘lgan narsalardan ortiqcha (televizor, dvd pleyrlar, turli xil antennalar, o‘yin uchun mo‘ljallangan qurilmalar kabi narsalar ham “ortiqchalar” sarasiga kiradi), o‘smasada nisobga yetarli mol-mulkka ega bo‘lgan hurning zimmasiga vojib bo‘ladi.

وَصَاحِبُ الثِّيَابِ لَيْسَ بِغَنِيٍّ بِثَلَاثِ دَسْتَجَاتٍ إحْدَاهَا لِلْبِذْلَةِ وَالْأُخْرَى لِلْمِهْنَةِ وَالثَّالِثَةُ لِلْأَعْيَادِ وَهُوَ غَنِيٌّ بِالرَّابِعَةِ

Uch sidra kiyim egasi boy hisoblanmaydi. Chunki ulardan biri-uy kiyimi, ikkinchisi-yumushlar uchun, uchinchisi-juma va bayramlar uchundir. To‘rtinchi kiyim esa boylikdir. (Fatavoi Hindiya)

Demak, uch sidra kiyimdan tashqari barcha kiyimlar nisobga qo‘shiladi.

SAVOL: Fitr sadaqasi berishdagi nisobning me’yori qancha?

JAVOB:

1. Faqat tillasi hamda undan yasalgan buyumlari (tanga, idish-tovoq, taqinchoqlar va suvenirlar kabi narsalari) borlarga 85 grammga yetsa;

2. Faqat kumushi hamda undan yasalgan buyumlari (tanga, idish-tovoq, taqinchoqlar va suvenirlar kabi narsalari) borlarga 595 grammga yetsa;

3. yuqoridagilardan boshqa mol-mulki borlar, ya’ni hojati asliysi (yashab turgan uyi, qish-yozda kiyadigan kiyimi, kundalik yumushlariga kerak bo‘ladigan uy-ro‘zg‘or buyumlari kabi ehtiyojiga kerakli bo‘lgan narsalar) dan ortiqcha mol-mulkning qiymati nisobga yetsa;

4. ozgina tillosi, kumushi, mol-mulki borlar barchasini qo‘shganda qiymati nisobga yetsa;

Fitr sadaqasida asliy hojatidan tashqari mol-mulkning nisobga yetishida zakotdagi kabi o‘suvchi bo‘lishi shart emas.

الزكاة واجبة في عروض التجارة، كائنة ما كانت إذا بلغت قيمتها نصاباً من الورق أو الذهب، يقومها صاحبها بما هو أنفع للفقراء والمساكين منهما : أي النصابين؛ احتياطاً لحق الفقراء

tijorat moli qanday mol bo‘lmasin, uning qiymati kumush yoki tilloning nisobiga yetsa, undan zakot vojib bo‘ladi. Mol egasi tillo-kumushning nisobidan qay biri faqir-miskinlarga manfaatli bo‘lsa, faqirlarning haqqini ehtiyotini olib tijorat molini o‘sha nisob bilan belgilaydi. (Lubob)

SAVOL: fitr sadaqasi qachon beriladi?

JAVOB: fitr sadaqasiga qodir bo‘lganlar mollaridan beriladigan fitr sadaqasini hayit namoziga chiqishdan avval ajratishligi mustahab ekanligiga barcha ulamolar ittifoq qilganlar. Lekin qancha muddat avval berish borasida turli fikrlar aytganlar:

Abu Hanifa rohmatullohi alayh: bir-ikki yilligini avvaldan berib qo‘ysa ham ado bo‘laveradi, deydilar.

Hanbaliy mazhabidagilar: namozdan bir-ikki kun avval.

Shofe’iylar: Ramazon kirganidan keyin ado qilsalar bo‘ladi, deydilar. Lekin hayit namozigacha ado qilmagan bo‘lsa, zimmasidan soqit bo‘lmagani bois umrining oxirigacha qaysidir kunda berib qo‘ysa bo‘ynidan soqit bo‘ladi.

Shuningdek, bir necha yil fitr sadaqasini berish vojib ekanini bilmaganlar bilganlaridan so‘ng barcha qoldirgan yillariga berib fitr sadaqalarini ado qilsa, bo‘yinlaridan soqit bo‘ladi, vojibni bajargan bo‘ladilar. (Fatavoi Hindiya).

عَنِ ابْنِ عُمَرَ أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ -صلى الله عليه وسلم- كَانَ يَأْمُرُ بِإِخْرَاجِ الزَّكَاةِ قَبْلَ الْغُدُوِّ لِلصَّلاَةِ يَوْمَ الْفِطْرِ

Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ramazon hayiti kuni hayit namoziga chiqishdan oldin fitr sadaqasini ado qilishga buyurar edilar. (Termiziy rivoyati)

SAVOL: zakot va fitr sadaqasi nisoblari o‘rtasida farq bormi?

JAVOB: farq bor.

Zakot berishda mol:

1. Tillo yo kumush bo‘lishi kerak;

2. Tijorat moli bo‘lishi kerak (qanaqangi tijorat moli bo‘lsa ham);

3. Yilning ko‘prog‘ida yaylovlarda o‘tlovchi chorva hayvonlari: tuya, mol, qo‘y, echki;

4. O‘suvchi bo‘lishi kerak;

5. Qamariy bir yil o‘tgan bo‘lishi kerak;

6. Asliy hojatidan tashqari bo‘lishi kerak;

Zakot berishda beruvchi:

1. Musulmon;

2. Hur;

3. Balog‘atga yetgan;

4. Oqil;

5. Nisob egasi bo‘lishi kerak;

Fitr sadaqasida mol:

1. Asliy hojatidan tashqari, nisobga yetgan mol-mulki bo‘lishi;

2. Tijorat niyatida bo‘lishi shart emas;

3. O‘suvchi bo‘lishi shart emas;

4. Bir yil to‘lishi shart emas;

Fitr sadaqasini berishda beruvchi:

1. Musulmon;

2. Hur, qulning tarafidan ham beriladi;

3. Balog‘atga yetgan. Nisob egasi balog‘atga yetmagan farzandlari tarafidan ham beradi, balog‘atga yetmagan nisob egasi bo‘lgan bola tarafidan ham beriladi;

4. Oqil. Majnun nisob egasi bo‘lsa valiylari u tarafidan ham beradilar;

5. Nisob egasi bo‘lishi kerak;

SAVOL: masjidga, bolalar uyiga fitr sadaqasi hamda zakotlarni bersa bo‘ladimi?

JAVOB: zakot va fitr sadaqasi miskinninng haqqi bo‘lib, ularga mulk qilib berilishi kerak. Agar bularni masjid yoki bolalar uyining ta’mirlash ishlariga ishlatiladigan bo‘lsa, zakot va fitr sadaqasi ado bo‘lmaydi. U joydagi mutasaddilar tushgan zakot va fitr sadaqasini faqir, miskinlarga, yetim bolalarning ehtiyojlariga sarf qilsalar joiz bo‘ladi.

وَلَا يُبْنَى بِهَا مَسْجِدٌ وَلَا يُكَفَّنُ بِهَا مَيِّتٌ لِانْعِدَامِ التَّمْلِيكِ وَهُوَ الرُّكْنُ

zakot (fitr sadaqasi) bilan masjid qurilmaydi. Hamda mayyit kafanlanmaydi. Bunda zakot (fitr sadaqasi) da rukn bo‘lgan mulk qilib berish topilmayotgani uchun. (Hidoya)

13 Iyun, 2018 yil | 38766