Masjidlar va ziyoratgohlarga

Alloh taolo masjidlarni O‘ziga eng mahbub makonlar qilgan. Nabiy sollallohu alayhi vasallam “Shaharlarning Allohga eng mahbub joyi – masjidlaridir. Shaharlarning Allohga yoqimsiz joyi – bozorlaridir” deganlar. Muslim rivoyati. Buning sababi – masjidlarda Yolg‘iz Allohga ibodat qilingani, u yerlarda Uning ismi zikr etilgani, u yerlarda Uning buyruq va qaytariqlari e’lon qilingani, u yerlarda musulmonlar ibodatlarning turli ko‘rinishlari, jumladan, namoz, zikr, Qur’on tilovati, e’tikof, tasbeh, duo kabilar bilan Unga qurbat hosil qilganlari, u yerlarda nafslar gunoh va isyon kirliklaridan poklangani, u yerlarda rohat, uns, xotirjamlik, iymon, Allohga munojot lazzati paydo bo‘lgani uchundir.

Masjidlar Alloh taoloning yer yuzidagi uylaridir. Ular yer yuzidagi eng pokiza va toza makonlardir. Ularning minoralaridan muazzinlarning ovozlari yangraydi, tavhid kalimalari takrorlanadi. Masjidlar ustiga farishtalar tushishadi, rahmatlar yog‘iladi, masjid ahlini sakinat o‘rab oladi, masjid ahlining ustiga barakalar yog‘iladi. Masjidlarda musulmonlar bir-birlari bilan tanishadilar, ulfat bo‘ladilar, bir-birlariga yordam berib, hamjihat bo‘ladilar, bir-birlarini ziyorat qilib, bir-birlariga rahm-shafqat ko‘rsatadilar. Buning natijasida oralarida bog‘lanish, do‘stlik, mehribonlik kuchayadi.

Masjidlarda musulmon avlod tarbiya topadi. Tavhidni, Allohga ixlos bilan ibodat qilishni, Allohni yaxshi ko‘rishni, Unga yuzlanib, tavba qilishni, Uning ibodatlariga bo‘lgan rag‘batning kuchayishini, Unga isyon qilishdan uzoqlashishni, Undan qo‘rqishni, Undan umidvor bo‘lishni, Unga ixlos, tavakkul qilishni, Unga ibodat qilishni, Unga bandalik qilishni o‘rganadilar.

Allohning dini masjidlardan tarqala boshlaydi. Masjidlardan Allohga bergan ahdlarida sodiq bo‘lgan kishilar chiqadilar. Ular Robbilarini yaxshi ko‘rib, Uning uyini obod etadilar. Ular Uning buyruqlarini bajarib, qaytariqlaridan qaytadilar. Ular namozga bo‘lgan chaqiriqqa “Labbay” deydilar va Uning huzuriga kirishga oshiqadilar.

Alloh taolo Qur’onda shunday deb marhamat qilgan: “Bir kishilarki, ularni tijorat ham, oldi-sotdi ham Allohning zikridan, namozni to‘kis ado etishdan va zakot berishdan mashg‘ul qila olmas. Ular qalblar va ko‘zlar iztirobga tushadigan kundan qo‘rqarlar. Alloh ularni qilgan amallarining eng go‘zali ila mukofotlashi va fazli karamidan ziyoda qilib berishi uchundir. Alloh xohlagan kishiga behisob rizq berur”. (Nur surasi, 37-38-oyatlar)

Masjidlar dinni o‘rganish, Qur’onni yodlash, Payg‘ambar alayhissalomning siyratlarini ta’lim olish uchun ilm va zikr majlislari tashkil etiladigan bo‘stonlardir. U yerda odamlar bir-birlaridan tarbiya, axloq, odob o‘rganadilar.

Payg‘ambar alayhissalomning zamonlarida kambag‘al musulmonlar masjidlarda yashashgan. Elchilar masjidlarda kutib olingan. Turli mamlakatlarga musulmon elchilar masjidlardan tarqalishgan. Alloh taolo masjidlarni shirk va kufr iflosliklaridan tozalashga buyurib “Albatta, (barcha) masjidlar Allohnikidir. Bas, (masjidlarda) Alloh bilan qo‘shib yana biror kimsaga duo (ibodat) qilmangiz!” degan (Jin surasi, 18-oyat).

Masjidlarni obod qilish toat-ibodatlar bilan hamda o‘sha masjidlarni yaxshilab qurib, ta’mir etib, pok saqlab, muhofaza qilish bilan bo‘ladi. Alloh taolo Qur’onda “(U) bir uylardaki, Alloh ularning ko‘tarilishiga va ularda O‘z ismi zikr qilinishiga izn bergandir. Ularda Unga ertayu kech tasbih ayturlar” deb aytgan (Nur surasi, 36-oyat).

Alloh taolo masjidlarni obod qiluvchilarning iymoni borligiga guvohlik berib shunday dedi: “Albatta, Allohning masjidlarini faqat Allohga va oxirat kuniga iymon keltirganlar, namozni to‘kis ado etganlar, zakotni berganlar va Allohdan boshqadan qo‘rqmaganlargina obod qilurlar. Ajab emaski, ana o‘shalar hidoyat topguvchilardan bo‘lsalar” (Tavba surasi, 18-oyat).

Masjidlarda Allohni zikr qilishdan to‘sadigan, masjidlarning buzilishiga sabab bo‘ladigan kimsalarni U Zot dunyoda xorlik, oxiratda ulkan azob bilan qo‘rqitdi, tahdid qildi. U zot Qur’onda shunday degan: “Allohning masjidlarida Uning ismi zikr qilinishini man etgan va ularni buzishga harakat qilgandan ham zolimroq odam bormi? Ana o‘shalar u joylarga faqat qo‘rqqan hollaridagina kirishlari kerak edi-ku! Ularga bu dunyoda xorlik bordir va ularga oxiratda ulug‘ azob bordir” (Baqara surasi, 114-oyat).

Dinimiz bizlarni masjidlar qurishga va ularni obod etishga chaqirgan. Bu ishni jannatga olib boradigan va Allohning rizosiga erishtiradigan yo‘l deb e’lon qilgan.

Usmon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning:

“Kim Allohning roziligini tilab bir masjid qursa, Alloh jannatda unga o‘shaning mislini qurib beradi”, deganlarini eshitganman».

Boshqa bir rivoyatda: “Jannatda bir uy”, deyilgan.

Beshovlaridan faqat Abu Dovud rivoyat qilmagan.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

“Kim ertami-kechmi masjid tomon borsa, Alloh taolo unga har erta va kech yurganida jannatdan manzil tayyorlaydi”, dedilar». Ikki Shayx rivoyat qilishgan.

Payg‘ambar alayhissalom dedilar: “Kim Alloh uchun masjid bino qilsa, u xoh kichik bo‘lsin, xoh katta bo‘lsin, Alloh unga jannatda uy bino qiladi”. Termiziy rivoyat qilgan.

Boshqa bir hadisda Nabiy alayhissalom “Kim unda Alloh zikr qilinishi uchun masjid bino qilsa, Alloh unga jannatda uy qurib beradi” deganlar. Nasoiy rivoyat qilgan.

Yana bir hadisda Payg‘ambar alayhissalom: “Kim Alloh uchun kaklikning tuxumlarini qo‘yadigan yerichalik bo‘lsa ham, masjid bino qilsa, Alloh unga jannatda uy qurib beradi” deganlar. Ahmad rivoyat qilgan.

Alloh taolo bizlarni masjid bino qilishga buyurgnidek, masjidlarni obod qilishga ham buyurgan va bu ishni iymonning alomatlaridan biri qilib qo‘ygan. Qolaversa, masjid bino qilish sadaqai joriy bo‘lib, kishining vafotidan keyin ham savobi borib turadi.

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam marhamat qilganlar: “Yettita ish borki, bandaga, u vafot etganidan keyin qabrida yotganida ham ajri yetib turadi: kim ilm o‘rgatsa yoki daryo kavlasa yoki quduq qazisa yoki xurmo eksa yoki masjid bino qilsa yoki Mus’hafni meros qilib qoldirsa yoki vafotidan keyin unga istig‘for aytadigan farzand qoldirsa”. Bazzor rivoyat qilgan.

Mo‘min odam Allohning uylarini obod qilishga, unga infoq qilib, moddiy obodligini ziyoda qilishga, unda namoz o‘qib, ma’naviy obodligini ziyoda qilishga urinar va qalbi doim masjidlarga bog‘liq bo‘lar ekan, ikki dunyoning baxtu saodatiga, xayru barakasiga erishadi.

8 Iyun, 2018 yil | 7308