Xayriya karvoni safari davom etmoqda - VAQF saxovati Jizzaxda !

Xohish bo‘lsa, yordam berish har kimning qo‘lidan keladi

Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Musulmon musulmonning birodaridir. Unga zulm ham qilmaydi, uni tashlab ham qo‘ymaydi. Kim birodarining hojatini ravo qilsa, Alloh uning hojatini ravo qiladi. Kim bir musulmonning tashvishni aritsa, Alloh uning Qiyomat kunidagi tashvishlaridan birini aritadi. Kim bir musulmonning aybini berkitsa, Alloh Qiyomat kunida uning aybini berkitadi», dedilar».

Buxoriy va Muslim rivoyat qilishagan.

Jizzax viloyatning chekka hududidagi bir xonadonda turmush o‘rtog‘idan erta judo bo‘lgan bir ayol uch nafar farzandi bilan og‘ir sharoitlarda yashayotganini shu qishloq ahli, yaqin qarindoshlari bilardi xolos. “Vaqf” xayriya jamoat fondi mutaxassislari viloyatdagi kam ta’minlangan, haqiqatan moddiy yordamga muhtoj oilalarni o‘rganish davomida ushbu xonadonda ham bo‘lishgan, ularning yashash sharoitini o‘rganishgan edi. Shu lahzada o‘z uyi bo‘lmagan, nochor ahvolda yashayotgan ojiza Ollohga shukur qilib, hech bir kamchiliklardan nolimagani barchani hayratga solgan, o‘tayotgan har kuniga shukur qilishga majbur qilgandi. Yaqinda Sardor Rahimxon boshliq xayriya karvonining Jizzax viloyatiga qilgan safari davomida ular mazkur xonadonga ham kirishib, haqiqiy holatni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishdi. Boquvchisi yo‘q, biror joyda ishlamaydigan, yosh bolalar bilan bir kunini o‘tkazayotgan ayolning yashashi chindan ham og‘ir edi. Xonadonga zarur oziq-ovqat mahsulotlari, qishki kiyim-kechak, o‘yinchoqlar, velosiped va kitoblar hadya qilindi. O‘z uy-joyiga ega bo‘lish uchun moddiy jihatdan yordam beriladigan bo‘ldi. Ayolning nomiga shaxsiy plastik karta ochildi. Xullas, shu kuni bir oilaning mushkuli osonlashdi, bolalarga cheksiz quvonch ulashildi.

Bir birodarining hojatini ravo qilish musulmon kishining fazilatlaridan biridir. Bu fazilatning mukofoti esa, yuqorida aytib o‘tildi. Birodarining hojatini ravo qilgan odamning hojatini Alloh taoloning O‘zi ravo qiladi.

Shunday ekan, imkoniyatimiz bo‘lganida yordamga muhtoj, boquvchisi yo‘q, hayot qiyinchiliklaridan mushkul ahvolga tushib qolgan insonlarga ko‘mak beraylik. Muhimi, xohish bo‘lsa, yordam berish har kimning ham qo‘lidan keladi.

 

19 Dekabr, 2023 yil | 543