XAYRIYA AKSIYASI BOSHLANDI: BOLAJONLAR QUVONCHIGA SHERIK BOʻLING!

Ha demay maktab oʻquvchilari uchun yangi oʻquv yili ham boshlanadi. Oʻquv yili yaqinlashishi bilan aksariyat oilalarni bir muammo qiynaydi. Yaʼni farzandlari uchun maktab formalari va oʻquv qurollari sotib olish. Bu muammo, ayniqsa, ehtiyojmand, kam taʼminlangan oilalar uchun juda seziladi.

Oʻzbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondining Samarqand viloyati filiali “Mehr-2020” fondi jamoasi bilan hamkorlikda bunday ehtiyojmand oilalar uchun ajoyib sovgʻa hozirlashdi. Yangi oʻquv yili oldidan viloyatning shahar va tumanlarida istiqomat qilayotgan, boquvchisini yoʻqotgan oilalarning 1000 nafardan ortiq farzandlarini oʻquv qurollari, maktab formalari bilan taʼminlash uchun xayriya aksiyasini boshlab yuborishdi. Bunda saxovatpesha homiylarimiz tomonidan dastlabki bosqichda Nurobod tumanida istiqomat qilib kelayotgan 40 nafar bolajonga maktab formalari va oʻquv qurollari sotib olinib, xayriya qilindi.

Zero, Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam yetimni kafillikka olgan kishiga jannatda oʻzlari bilan birga boʻlishini bashorat berib, koʻrsatkich va oʻrta barmoqlari bilan ishora qilgancha shunday deganlar: “Men bilan yetimni kafillikka olgan kishi jannatda mana shunday yonma-yon boʻlamiz”.

XAYRIYA AKSIYASI BOSHLANDI: BOLAJONLAR QUVONCHIGA SHERIK BOʻLING!
17 Iyul, 2024 yil | 89