BIR XONALI ESKI UY FAYZLI XONADONGA AYLANDI

“Vaqf” xayriya jamoat fondining Fargʻona viloyati filiali fidoiy volontyorlar guruhi, saxovatpesha homiylar hamrohligida Qoʻshtepa tumanida yashab kelayotgan boquvchisi yoʻq oilaning mushkulini oson qilishdi. Koʻp yillardan buyon bir xonali uyda, ogʻir sharoitalarda yashab kelayotgan oilaga barcha sharitlarga ega, toʻliq jihozlangan hovli-joy yangidan qurib berildi.

Mehmonxona, yotoqxona, oshxona va hamomdan iborat bu yangi uy ona va uning uch nafar farzandi uchun haqiqiy sovgʻa boʻldi, deyish mumkin. Shuningdek, mazkur oilaga homiylar tomonidan kir yuvish mashinasi, gaz plitasi, pishiriq pechi va kitoblar ham hadya qilindi. Yana bir koʻngilni ravshan qiladigan jihati, oila bir-necha yillardan buyon ichimlik suvidan qiynalar, uni ancha olisdan tashib kelib isteʼmol qilishardi. Endilikda bu muammo ham hal etildi. Ikki kilometrdan toza ichimlik suvi tortib kelindi. Shuningdek, hovli etagi asfaltlanib, mahalla koʻchasiga shagʻal yotqizildi.

Yangi hovli-joyni oʻz egalariga topshirish marosimida “Vaqf” xayriya jamoat fondi boshqaruvi rahbari oʻrinbosari Jahongir Salamov, fondning Fargʻona viloyati filiali rahbari Baxtiyor Qirgʻizov, Qoʻshtepa tumani hokimi A.Abdullayev va boshqalar ishtirok etishdi. Mazkur oilaga, yurtimizga tinchlik-omonlik, fayz-baraka, faravonlik tilab duoyi xayrlar qilishdi.

 Bir ehtiyojmand, boquvchisi yoʻq oilaga xursandchilik ulashgan saxovatpesha homiylarimizdan, fidoiy volontyorlarimizdan Alloh taolo rozi boʻlsin! Bu ezgu amallari uchun ularni Oʻzi ulkan ajr-savoblar bilan mukofotlasin.

BIR XONALI ESKI UY FAYZLI XONADONGA AYLANDI
14 Noyabr, 2024 yil | 46