Oʻzbekiston Respublikasi Birlashgan Arab Amirliklari bilan koʻplab sohalarda hamkorlik qilib kelmoqda. Soʻnggi paytlarda mamlakatimizdagi muqobil energiya ishlab chiqarish boʻyicha loyihalarga katta sarmoya kiritib kelayotgan arab davlati bilan diniy-maʼrifiy, xayriya yoʻnalishida ham mustahkam aloqalar oʻrnatilmoqda.
Kecha “Vaqf” xayriya jamoat fondi vakillarining Birlashgan Arab Amirliklarining Oʻzbekistondagi favqulotda va muxtor elchisi Said Matar al-Qamziy bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda xayriya yoʻnalishidagi hamokrlikni tizimli yoʻlga qoʻyish, bu borada qilinadigan muhim ishlar yana bir bor muhokama qilindi. BAAning mamlakatimizdagi elchixonasida boʻlib oʻtgan uchrashuvda fond boshqaruvi rahbari Isoxon Abdullayev va xalqaro aloqalarni rivojlantirish boʻyicha mutaxassisi Mirjalol Qosimov ishtirok etdi.
Fond rahbari qabul uchun elchi janoblariga minnadorlik bildirib, fond tomonidan bugungi kunda amalga oshirilayotgan xayrli ishlar haqida maʼlumot berib oʻtdi.
Oʻz navbatida elchi janoblari BAA davlatida ham bir qator xayriya fondlari faoliyat koʻrsatayotganini qayd etib, “Vaqf” bilan bu yoʻnalishda hamkorlik qilish maqsadga muvofiq ekanligini bildirdi. BAAdagi xayriya muassasalari bilan hamkorlik oʻrnatishda koordinator boʻlishga rozi ekanligini taʼkidladi.
Uchrashuv soʻngida esdalik sovgʻalari almashilib, katta xayriya loyihalarini amalga oshirishdan ikki tomon ham xayrixoh ekanligi qayd etib oʻtildi.