E’TIBOR MARKAZIDA EHTIYOJMAND VA O‘ZGALAR PARVARISHIGA MUHTOJLAR

Avval xabar berganimizdek, Qatar davlati nogironligi bo‘lgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash aksiyasi doirasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondiga yuzdan oshiq nogironlik aravachalari va 80 ga yaqin qo‘ltiqtayoqlarni topshirgan edi. Ayni paytda ular hududlar kesimida taqsimlanib, viloyatlarda istiqomat qilib kelayotgan, nogironlik aravachasi va qo‘ltiqtayoqqa ehtiyoji bo‘lgan yurtdoshlarimizga tarqatib kelinmoqda.

 

Xususan, yaqinda Namangan viloyatida ana shu aravachalardan bir qismini o‘z egalariga topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ta’kidlash joizki, tadbir davomida ehtiyojmand aholi vakillari uchun oziq-ovqat mahsulotlari ham tarqatildi. Tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov boshchiligidagi idora mas’ullari, idoraning viloyat vakilligi va fondning Namangan viloyati filiali xodimlari, homiylar ishtirok etdi. Shu kuni kam ta’minlangan, ehtiyojmand, o‘zgalar parvarishiga muhtoj yurtdoshlarimizga eng zarur oziq-ovqat mahsulotlaridan iborat 30 ta karobka xayriya qilindi. Shuningdek, 10 dona nogironlar aravachasi, 10 juft qo‘ltiqtayoq va 10 ta oziq-ovqat mahsulotlari karobkasi Namangan shahridagi “Saxovat” uyida yashovchi nogironligi bor fuqarolarga beg‘araz berildi.

E’TIBOR MARKAZIDA EHTIYOJMAND VA O‘ZGALAR PARVARISHIGA MUHTOJLAR
22 Yanvar, 2025 yil | 13