RAMAZONDA EHTIYOJMAND OILALAR YANADA QO‘LLAB-QUVVATLANMOQDA

O‘zbekiston Qatar davlati bilan nafaqat savdo-iqtisodiy sohada, ijtimoiy-gumanitar, xayriya sohalarida ham hamkorlik aloqalari o‘rnatgan. Xususan, Qatarning mamlakatimizdagi elchixonasi bir necha yillardan buyon kam ta’minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlash, imkoniyati cheklangan fuqarolarga yordam berish, ular uchun kasb va bilimga o‘rgatish kurslarini tashkil etish, zaruriy jihoz-uskunalar (eshitish moslamalari, nogironlik aravachalari, qo‘ltiqtayoq va protez ortopediya-mahsulotlari) bilan ta’minlash kabi bir necha yo‘nalishlar doirasida O‘zbekiston musulomonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondi bilan hamkorlik qilib kelmoqda.

 

Ayni hozirgi Ramazon oyida mazkur davlat elchixonasi yana bir xayrli ishga qo‘l urdi. Elchixona tomonidan mamlakatimizda umguzaronlik qilib kelayotgan ijtimoiy ko‘makka muhtoj oilalar uchun 890 dona oziq-ovqat mahsulotlaridan iborat qutilar xayriya qilindi. Xayriya yuklarini fondga topshirish jarayonida Qatar davlatining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Hasan bin Hamza Hoshim, “Vaqf” xayriya jamoat fondi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Jahongir Salamov ishtirok etdi.

 

Elchi janoblari tadbir davomida Ramazon oyida ezgulik ulashayotganidan mamnun ekanligini bildirib, oziq-ovqat mahsulotlari qisqa fursatlarda o‘z egalariga yetib borishidan umidvor ekanligini bildirdi.

 

Tez fursatlarda xayriya mahsulotlarini kam ta’minlangan oilalarga tarqatish boshlanadi. Demak yaqin vaqtlarda ko‘plab oilalarga Ramazon tuhfalari kirib boradi.

RAMAZONDA EHTIYOJMAND OILALAR YANADA QO‘LLAB-QUVVATLANMOQDA
11 Mart, 2025 yil | 28