“BIZNING BOLALAR – BAXTLI BOLALAR”

O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan har yili turli maktab-internatlar, shifoxonalarda xayriya tadbiri o‘tkazish an’ana tusini olgan. Xayriya tadbirlari davomida yuzlab o‘zgalar parvarishiga muhtoj bolalarga mehr ulashiladi, sovg‘a-salomlar beriladi. Ular uchun tom ma’noda haqiqiy bayram shousi tashkil etiladi.

Joriy yilda ham bu an’ana keng ko‘lamda davom ettirildi. Ana shunday xayriya tadbirining dastlabkisi Toshkent shahar Yashnobod tumanida joylashgan 272-maktabgacha ta’lim tashkilotida tashkil etildi. “Bizning bolalar – baxtli bolalar” shiori ostida o‘tkazilgan tadbir davomida mazkur ta’lim muassasasida tarbiyalanayotgan 90 nafar bolajonlar chin ma’noda bayram nafasini his qilishdi.

Tadbir davomida bolajonlar uchun kuy-qo‘shiqlar ijro etildi, ko‘ngilochar sirk tomoshalari ko‘rsatildi. Bolajonlar turli multfilm qahramonlari bilan miriqib raqsga tushishdi. She’r aytish, rasm chizish musobaqalarida o‘z iqtidorini namoyish etishdi.

Tadbir so‘nggida bolajonlarga kiyim-kechaklar, sovg‘a-salomlar taqdim etildi.

“BIZNING BOLALAR – BAXTLI BOLALAR”
30 May, 2025 yil | 18