Mamlakatimizning Malayziyadagi elchixonasi ko‘magida O‘zbekiston Musulmonlar idorasi huzuridagi «Vaqf” xayriya jamoat fondi va Malayziyaning Al-Buxoriy xalqaro universiteti rahbariyati o‘rtasida onlayn uchrashuv tashkil etildi, deb xabar qilmoqda «Dunyo” AA muxbiri.
O‘zbekiston Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi vakillari ham ishtirok etgan tadbirda oliy ta’lim olish uchun imkoniyatlari mavjud bo‘lmagan o‘zbek yoshlari va kam ta’minlangan oilalarning o‘qishga ishtiyoqmand farzandlarini Al-Buxoriy xalqaro universitetiga tanlov asosida qabul qilish va ularga to‘liq grant asosida ta’lim berish masalasi muhokama qilindi.
Universitet barcha zamonaviy shart-sharoitlar, jumladan yirik kampus, yotoqxona, sport majmuasi va tadqiqot markazlariga ega bo‘lib, unda Malayziya Oliy ta’lim vazirligi tomonidan tasdiqlangan dastur asosida xorijiy standartlarga mos dunyoviy ta’lim beriladi.
Uchrashuv davomida «Vaqf” xayriya jamoat fondi va Al-Buxoriy xalqaro universiteti o‘rtasida bo‘lajak talabalarni tanlab olish, o‘qishini tashkil etish va O‘zbekiston uchun malakali mutaxassislar yetkazib berish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolashga kelishib olindi.
Unga ko‘ra, birlamchi hujjatlar tekshiruvidan o‘tgan yoshlar uchun Al-Buxariy xalqaro universiteti qabul komissiyasi tomonidan suhbat tashkil etiladi va muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlar grant asosida talaba bo‘lishlari mumkin bo‘ladi.
Al-Buxoriy xalqaro universiteti 2010-yilda tashkil etilgan bo‘lib, Al-Buxoriy jamg‘armasi tomonidan xayriya asosida moliyalashtiriladigan xususiy oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi. Mazkur oliy bilim yurti Malayziyaning Kedax shtati Alor Setar shahrida joylashgan.
Hozir universitetda dunyoning 60 dan ortiq mamlakatidan kelgan 1472 nafar kam ta’minlangan talabalar uchun biznes boshqaruvi, xalqaro aloqalar, iqtisodiyot, islom moliyasi va pedagogika kabi 12 ta bakalavr, 3 ta magistrlik va 2 ta falsafa doktorligi yo‘nalishlarida bepul ta’lim berilmoqda.