Shu kunlarda O‘zbekiston musulmonlari idorasi tashabbusi bilan joylarda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, xalq bilan muloqotlar tashkil etilmoqda. Xususan, kecha O‘MI raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov boshchiligidagi bir guruh diniy soha va keng jamoatchilik vakillari Zomin tumanida bo‘lishdi. Tuman hududidagi «Ma’rifatli” jome masjidida tashkil etilgan tadbirda imom-xatiblar, Din ishlari buyicha qo‘mita, «Vaqf” xayriya jamoat fondi Jizzax viloyati filiali, viloyat hokimligi vakillari hamda joriy yilda haj amallarini ado etib kelgan hojilar ishtirok etishdi. Tadbir davomida xalq bilan yaqin muloqotni yo‘lga qo‘yish va yuzaga kelayotgan muammolarni hal etish yuzasidan fikrlar bildirildi. Xalq vakillari bo‘lgan hojilar esa fuqarolarga doim yaxshi tomondan o‘rnak bo‘lishi kerakligi ta’kidlab o‘tildi.
Tadbirdan so‘ng vakillar tumandagi mahallalarga chiqib, ehtiyojmand, kam ta’minlangan oilalarni o‘rganishdi. Ularning murojaatlarini eshitishdi. Ajrim yoqasida turgan yoshlar yarashtirildi, spirtli ichimlikka ruju qo‘ygan fuqarolar bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazilib, to‘g‘ri yo‘lga qaytishi yuzasidan ularga yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatildi. Ayrim ehtiyojmand oilalarga «Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan ajratilgan oziq-ovqat mahsulotlari hadya qilindi.
Shundan so‘ng vakillar tuman hududida joylashgan ayollar muruvvat uyiga borishdi. Muruvvat uyida yaratilgan sharoitlar o‘rganilib, «Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan ajratilgan oziq-ovqat mahsulotlari, sanitariya-gigena vositalari va nogironlik aravachalari topshirildi.
Tadbir xayrli duolar bilan nihoyasiga yetdi.