168 TA XONADONGA XURSANDCHILIK KIRDI, 200 NAFAR BOLA O‘QUV QUROLLARIGA EGA BO‘LDI

O‘quv yili boshlanishiga sanoqli kunlar qolgan shu pallada O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondi ko‘plab ehtiyojmand oilalarda voyaga yetayotgan yuzlab bolalarga o‘quv qurollari, maktab formalari tortiq qilmoqda.

Xususan, yaqinda fondning Andijon viloyati filiali xodimlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi viloyat vakilligi, saxovatpesha homiylar, volontorlar ishtirokida ana shunday savobli ishni amalga oshirishdi. Shu kuni Andijon viloyati bosh imom-xatibi Mirzamaqsud domla Alimov, shahar-tuman bosh imom xatiblari, fond vakillari va homiylar tuman hududida istiqomat qiluvchi jismoniy imkoniyati cheklangan, boquvchisini yo‘qotgan, kam ta’minlangan 168 ta oila holidan xabar olib, zaruriy oziq-ovqat mahsulotlari hadya qilishdi. Tadbir davomida maktab yoshidagi 200 nafar bolaga maktab sumkasi va o‘quv qurollari xayriya qilindi.

Aziz yurtdoshlar! “Vaqf” xayriya jamoat fondi “Mehriboning bo‘laman, bolam!” aksiyasi doirasida besh ming nafar yetim bolajonlarga xursandchilik ulashishni, ularga barcha zarur o‘quv qurollari, forma va sumkalar olib berishni niyat qilgan.

Hali ham fursat bor. Siz ham aksiyada faol ishtirok eting. Bizning barcha viloyatlardagi bazalarimizga ehson qilmoqchi bo‘lgan maktab sumkasi, o‘quv qurollari, forma va moddiy yordamlaringizni olib keling.

168 TA XONADONGA XURSANDCHILIK KIRDI, 200 NAFAR BOLA O‘QUV QUROLLARIGA EGA BO‘LDI
21 Avgust, 2025 yil | 20