Shu kunlarda Malayziya davlati hukumatining bir guruh vakillari O‘zbekistonda bo‘lib turibdi. Tashrif doirasida mehmonlar O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamaot fondida ham bo‘lishdi. Malayziya bosh vaziri huzuridagi maxsus loyihalarni muvofiqlashtirish bo‘yicha bosh direktor o‘rinbosari Nik Shafiruddin bin Nik Shahar Shah va bosh vazir devoni vakili doktor Muhammad Zaini bin Mahmudni “Vaqf” fondi rahbari vazifasini bajaruvchi Jahongir Salamov kutib oldi.
Uchrashuv davomida Malayziya va O‘zbekiston tomonlari bir qator loyihalar ustida ish olib borayotgani, kelgusida bu ikki tomon uchun ham manfaatli bo‘lishi ta’kidlab o‘tildi. Nik Shafiruddin bin Nik Shahar Shah O‘zbekistonga birinchi bor kelganini aytib, mamlakatimiz har jihatdan yaxshi taassurot qoldirganini bildirdi. Aholini ish bilan ta’minlash, ularga moddiy va ma’naviy ko‘mak ko‘rsatish yuzasidan O‘zbekiston tutgan yo‘l o‘zini oqlayotgani qayd etildi. Xususan, ehtiyojmand oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularni kambag‘allikdan chiqarish borasida Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar o‘zining ijobiy samarasini berayotgani alohida ta’kidlandi. Shuningdek, mehmonlar Malayziya tomonidan tadbiq etib kelinayotgan, yaxshi samara berayotgan yangi innovatsion tajribalarni O‘zbekiston, xususan “Vaqf” amaliyotida qo‘llash yuzasidan o‘z takliflarini bildirdi.
O‘z navbatida fond rahbari Jahongir Salamov fond tomonidan amalga oshirilayotgan xayrli ishlar, loyihalar haqida ma’lumot berib, Osiyoda o‘z o‘rni va salohiyatiga ega, rivojlangan Malayziya davlati bilan hamkorlik yanada mustahkamlanib borayotganini qayd etdi. Xususan, “Vaqf” va Malayziyaning Al-Buxoriy xalqaro universiteti o‘rtasida hamkorlik shartnomasi imzolangani ko‘plab yutuqlarga zamin hozirlayotgani ta’kidlandi.
Uchrashuv so‘nggida mehonlarga esadalik sovg‘alari berildi.