Ehtiyojmand oilalarga moddiy-maʻnaviy yordam berish, yetim va miskin bolajonlarga g‘amxo‘rlik qilish “Vaqf” xayriya jamoat fondining ustuvor vazifalaridan biridir. Joriy yilning o‘tgan davrida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami, jumladan imkoniyati cheklangan 150 nafarga yaqin shaxslarga turli ko‘rinishda moddiy yordam ko‘rsatilgani, 50 ta haqdor oilaga homiylar ko‘magida uy olib berilgani, boquvchisini yo‘qotgan va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning 120 nafar farzandi bepul o‘quv kurslari va kasb-hunar markazlariga jalb qilingani ham fikrimiz tasdig‘idir.
Yaqinda ana shunday xayrli ishlar davom ettirilib, “Vaqf” xayriya jamoat fondining Buxoro filiali tomonidan nogironligi bor va kam taminlangan oilalarda voyaga yetayotgan 55 nafar bolajon va ularning yaqinlari uchun ehson dasturxoni yozildi. Tadbir davomida homiylar tomonidan bolalarga qishki kiyimlar ham tarqatildi.
Shu kuni 10 nafar bolaning sunnat to‘yi ham o‘tkazilib, turli sovg‘a-salomlar berildi.
Miskinlarga xursandchilik ulashayotgan, yetimlar boshini silayotgan saxovatli homiylar, himmatli yurtdoshlarimizga Alloh ulkan ajr-savoblar bersin.
Vaqt borida siz ham ehson qiling!