AKA-SINGILLAR YANGI UYLI BO‘LISHDI

Taqdir taqazosi bilan Nukus shahrida yashab kelayotgan oila parokanda bo‘ldi. Ota-ona turli sabablar bilan vafot etgach, uch nafar farzand ko‘chada qoldi. Birini tog‘asi, yana birini boshqa qarindoshi o‘z qaramog‘iga olsada, lekin ota-onaning o‘rni boshqa ekan. Uysiz qolgan bolalar ancha sarson-sargardon bo‘lishdi.

Vaqt oqar daryo ekan, turli qiyinchiliklarni boshidan o‘tkazgan bolalar bugun ulg‘ayib, o‘z yo‘lini topishga harakat qilishmoqda. Katta o‘g‘il farzand ro‘zg‘or yukini bo‘yniga olgan. Singillariga bosh bo‘lib, ularning oliy o‘quv yurtida tahsil olishiga ko‘maklashmoqda. Lekin o‘z uy-joyining yo‘qligi baribir bilinar ekan. Ancha qiyinchiliklarga duch kelishmoqda.

Ularning qismatidan xabardor bo‘lgan «Vaqf» xayriya jamoat fondining Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali aka-singillarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida xayrli ishga bosh qo‘shdi. Homiylarni jalb qilgan holda ular uchun yangi uy qurishni boshladi.

Kecha ushbu xayrli loyiha o‘z yakuniga yetdi. Nukus shahrida joylashgan uch xonali uy ularga to‘liq jihozlangan holda topshirildi. Tantanali marosimda mahalliy hokimlik vakillari, jamoatchilik faollari hamda homiylar ishtirok etdi. Tadbir davomida ezgu tilaklar bildirilib, yangi uy sohiblariga turli sovg‘alar taqdim etildi.

Homiylar va saxovtli yurtdoshlarimizdan Alloh rozi bo‘lsin!

Vaqf bilan Siz ham bu kabi ezgu loyihalarga o‘z hissangizni qo‘shing.

AKA-SINGILLAR YANGI UYLI BO‘LISHDI
13 Noyabr, 2025 yil | 8