«KABUTAR»LAR PARVOZGA SHAYLANMOQDA

«60 kabutar» – O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi «Vaqf» xayriya jamoat fondi tomonidan bir-necha yillardan buyon keng miqyosda o‘tkazib kelinayotgan xayriya loyihasidir. Mazkur tadbirni tashkil qilishdan maqsad, turli sabablarga ko‘ra ham otasi, ham onasidan ayrilgan 60 nafar chin yetim bolajonlar uchun bayram tadbirini tashkil qilish orqali, ularga xursandchilik ulashishdan iboratdir.

Samarqand shahridagi «Fotima Sulton» to‘yxonasida «60 kabutar» xayriya tadbirining navbatdagisi ham katta shodiyonalar bilan o‘tkazildi. Ko‘plab homiylar, saxovatpesha yurtdoshlarimiz ko‘magida tashkil etilgan bu galgi tadbirda ham 60 nafar chin yetimlarga mehr-muruvvat ko‘rsatildi. Kiyim-kechak, o‘quv qurollari, noutbuk, maishiy texnikalar va boshqa sovg‘a-salomlar berildi. 50 ga yaqin homiylar ko‘magida tashkil etilgan bu galgi tadbir davomida chin yetimlarni o‘z qaromog‘iga olgan, ularga mehr berayotgan o‘nlab yurtdoshlarimizga Umra yo‘llanmalari ham topshirildi.

Chin yetimlarga mehr-muruvvat ko‘rsatgan, turli sovg‘a-salomlar ehson qilgan, xayriya tadbirining kam-ko‘stsiz, uyushqoqlikda o‘tishiga o‘z hissasini qo‘shgan barcha yurtdoshlarimizdan, saxovatpesha homiylarimizdan Alloh rozi bo‘lsin!

«KABUTAR»LAR PARVOZGA SHAYLANMOQDA
10 Noyabr, 2025 yil | 17