Har bir davlatning mustaqilligi, bu dunyoda uning bor ekanligini ko‘rsatib, belgilab beradigan normalar bor. Bayroq, gerb, madhiya shular jumlasidandir. Lekin yana bir muhim jihat borki, u o‘sha davlatning siyosiy-huquqiy poydevori, taʻbir joiz bo‘lsa ertasini belgilab beradi. Bu Konstitutsiyadir. U xalq irodasining ifodasi sifatida davlat hokimiyatini tashkil etish, uning sarhadlarini belgilash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish kabi ustuvor maqsadlarni o‘z ichiga oladi. Shu maʻnoda, Konstitutsiya – suveren davlatning rivojlanishi uchun huquqiy zamin yaratib beruvchi asosiy hujjatdir.
1992 yil 8 dekabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi mustaqil davlatimizning tenglar ichra teng bo‘lib rivojlanishimizda asosiy hujjatlardan biri bo‘lib kelmoqda. Konstitutsiyaning 1-moddasida bu aniq va ravshan ko‘rsatib o‘tilgan bo‘lib, «O‘zbekiston – boshqaruvning respublika shakliga ega bo‘lgan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat» ekanligi alohida taʻkidlangan.
Suverenitet – davlatning mustaqilligi, yuksak hokimiyatga egaligi va ichki hamda tashqi siyosatni erkin belgilay olish qobiliyatidir. Bunday mustaqillikni kafolatlab beradigan eng muhim huquqiy manba aynan Konstitutsiyadir. Unda davlatning tuzilishi, boshqaruv shakli, hududiy yaxlitligi, davlat ramzlari, davlat tili, davlat siyosatining asosiy tamoyillari belgilab qo‘yiladi.
33 yildirki, O‘zbekistonimizda ulkan o‘zgarishlar, yangilanishlar amalga oshirilmoqda, Konstututsiya va u asosida qabul qilingan qonunlar asosida mamlakatimiz taraqqiyot sari dadil odimlamoqda.