3 dekabr Qashqadaryo viloyatida joylashgan Xoja Buxoriy o‘rta maxsus islom taʻlim muassasasida o‘zgacha xursandchilik bilan qarshi olindi. Boisi shuki, taʻlim muassasasiga O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan 15 dona SMART doskalari beg‘araz yordam sifatida taqdim etildi.

Taʻlim sifatini yanada oshirish, zamonaviy uslub va metodlardan samarali foydalangan holda dars samaradorligini yanada kuchaytirish maqsadida taqdim etilgan ushbu sovg‘alarni O‘zbekiston musulmonlari idorasining Qashqadaryo viloyatidagi vakili, viloyat bosh imom xatibi, ustoz Rahmatillo Usmonov hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasining masʻul xodimi A. Rahmatullaev tantanali ravishda topshirib, bu o‘quv jihozlaridan dinimiz ravnaqi, ilm-maʻrifati yo‘lida oqilona foydalanish borasida tegishli tavsiya va fikrlarini berdilar.

Tadbir so‘ngida yurtimiz tinchligi va osoyishtaligi, mazkur o‘quv jihozlarining olib kelinishida amaliy yordam bergan barcha yurtdoshlarimiz haqlariga xayrli duolar qilindi.

Taʻlim muassasasi rahbariyati, ustoz va talabalar shunday ezgu tashabbusni ilgari surgan va amalga oshishiga hissa qo‘shgan muftiy hazratlari hamda “Vaqf” xayriya jamoat fondi mutasaddilariga o‘z minnatdorligini bildirib qolishdi.