O‘zbekiston Saudiya Arabistoni Podshohligi bilan ko‘plab sohalarda hamkorlik qilib keladi. So‘nggi yillarda bu davlat bilan xayriya yo‘nalishidagi aloqalar yanada rivojlanmoqda. Podshohlik har yili yurtimizga hurmo mevasi, oziq-ovqat mahsulotlari, Qurʻon kitoblarini xayriya qilib keladi.

Bir muncha vaqt oldin Saudiya Arabistoni tomonidan “Vaqf” xayriya jamoat fondiga hadya qilingan Qurʻon kitoblari kecha Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutiga yetkazildi. Taʻkidlash joizki, har yili mazkur institutning “Qurʻoni karim va tajvid” o‘quv kursida minglab yurtdoshlarimiz taʻlim olib, muqaddas kitobni bemalol o‘qiydigan bo‘lib yetishadi. Taqdim etilayotgan bu Muzhaflar esa tinglovchilar uchun haqiqiy sovg‘a bo‘ldi, deyish mumkin.
Jami olti ming dona Qurʻon kitoblarini institut rahbariyati, talabalar xursandchilik bilan qabul qilib olishdi.

Alloh taolo yurtimiz diniy taʻlim muassasalarini qo‘llab-quvvatlashni maqsad qilgan mo‘min-musulmonlarning qilgan ehsonlarini O‘z dargohida qabul qilsin. Alloh barchalarimizni ilm ahliga yaxshilik qilishda peshqadamlardan bo‘lishimizni nasib aylasin.