«NASYRUL QURAN» MARKAZI DELEGATSIYASI “VAQF” FONDIDA

Joriy yilning 15 dekabr kuni Malayziyaning «Nasyrul Quran» markazi bosh ijrochi direktori Muhammad Ashharim bin Abdullatif boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondida bo‘ldi. Mehmonlarni fond rahbari Jahongir Salamov kutib oldi.

Taʻkidlash joizki, «Nasyrul Quran» markazi vaqf tashkiloti hisoblanadi.

Uchrashuv davomida tomonlar bir necha masalalar yuzasidan fikr almashdi. Xususan, “Vaqf” xayriya jamoat fondi va vaqf tashkiloti hisoblanmish «Nasyrul Quran» markazi o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish, Qurʻoni karim va qadimgi qo‘lyozma asarlarni o‘rganish bo‘yicha hamkorlik qilish, vaqf ishlarini raqamlashtirish, islomiy fintek sistemasi qo‘llash bo‘yicha birgalikda ishlash, vaqf mulklarini ko‘paytirish, taʻlim sohasi va vaqf sohasida tajriba almashish shular jumlasidandir.

Mazmunli va manfaatli bo‘lgan uchrashuv so‘nggida Muhammad Ashharim bin Abdullatif fond rahbariga minnatdorlik bildirdi. Tomonlar o‘zaro esdalik sovg‘alari almashishdi.

Maʻlumot uchun: «Nasyrul Quran» markazi – dunyodagi Qurʻon chop etish bo‘yicha yirik markaz bo‘lib, Malayziyada faoliyat ko‘rsatadi. Majmua Madinadagi Qirol Fahd majmuasidan keyin ikkinchi eng yirik Qurʻoni Karim bosib chiqaruvchi markaz hisoblanadi. «Nasyrul Quran» majmuasining faoliyati ichki va dunyo miqyosida Qurʻon nusxalariga bo‘lgan ehtiyojni qondirish imkonini beradi.

Majmua har yili bir million nusxa Qurʻon chop etishni maqsad qilgan bo‘lib, uning 70 foizi ichki foydalanish uchun, qolgan qismi esa ehtiyojmand boshqa mamlakatlarga taqdim etilishi rejalashtirilgan.

«NASYRUL QURAN» MARKAZI DELEGATSIYASI “VAQF” FONDIDA
16 Dekabr, 2025 yil | 9