“Vaqf” fondi faoliyati tahliliga bag'ishlangan yig'ilish o'tkazildi

24 yanvarь kuni O'zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondining o'tgan yildagi bajarilgan ishlari va 2019 yilgi rejalariga bag'ishlangan yig'ilish bo'lib o'tdi. Unda O'zbekiston musulmonlari idorasi, “Vaqf” xayriya jamoat fondi, fondning viloyat bo'limlari rahbarlari, “Oltin meros” fondi vakillari hamda mamlakatimizdagi ziyoratgoh va qadamjolar mas'ul xodimlari ishtirok etdi.

Tadbir Qur'oni karim tilovati va ezgu duolar bilan boshlandi.

Dastlab “Vaqf” fondi rahbari Iskandar Xalilov 2018 yilda amalga oshirilgan ishlar to'g'risida axborot berib o'tdi:

– “Vaqf” fondi 2018 yil 16 aprelda muhtaram Prezidentimizning tashabbuslari bilan tashkil etilgan bo'lib, o'tgan 9 oyda juda ko'p xayrli ishlar amalga oshirildi. Fond hisobiga kelib tushgan jami mablag'lar miqdori 48 mlrd. so'mni tashkil etdi. Mazkur mablag'lar kam ta'minlangan oilalarga moddiy yordam berish, nogironligi bor shaxslarga aravachalar tarqatish, masjid-madrasalarni obod etish va talabalarning o'quv kontraktlarini to'lab berish kabilarga sarflandi. Jumladan, masjid va madrasalarni ta'mirlash uchun 147 mln. so'm, nogironlar va ko'zi ojizlar jamiyatlariga 35 mln. so'm, ijtimoiy himoyaga muhtoj 711 nafar fuqarolarga jami 1 mlrd. 91 mln. 603 ming so'mdan ortiq moliyaviy yordam ko'rsatildi.

“Ilmga ko'mak beramiz” xayriya aktsiyasi doirasida 39 nafar diniy ta'lim muassasalari talabalarining 161 mln. so'mlik va oliy ta'lim muassasalarida tahsil olayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj 145 nafar talaba yoshlarning 1 mlrd. 244 mln. so'm miqdoridagi o'quv shartnoma pullari to'lab berildi. 

Fond rahbari jismoniy imkoniyati cheklangan va yotoq nogironlariga 195 dona nogironlik aravachalari topshirilgani, “Muruvvat karvoni” aktsiyasi doirasida eng chekka hududlardagi yordamga muhtoj aholi qatlamlariga jami 630 mln. so'm xayriya qilinganini bildirdi.

Fond tomonidan amalga oshirilayotgan yana muhim tadbirlardan biri yurtimizdagi ko'zi ojiz, kar – soqov kabi nogiron aholi qatlamiga alohida e'tibor qaratilib, har oyda xayriya dasturxonlari tashkil etib kelinmoqda. Shuningdek, ushbu qatlam vakillarining diniy ehtiyojlarini ta'minlash maqsadida ko'zi ojizlarga brayl Qur'onlari, kar-soqovlar uchun “surdo” tarjimonlar orqali onlayn tarzda juma ma'ruzalarini eshitish imkoniyatlari ta'minlanmoqda. 

Bundan tashqari fondga murojaat qilgan 1526 nafar kam ta'minlangan, bemor va yordamga muhtoj oilalarga ham xayriya mablag'lari va oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.

Yig'ilishda O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi o'rinbosari Ibrohim Inomov fondning har bir hududiy vakillari o'z faoliyatiga tanqidiy baho berishi zarurligi, aholi o'rtasidagi nochorlarning mavjud muammolarini aniqlash va hal qilish, ko'makka muhtojlarga yordam ko'rsatish bo'yicha chora-tadbirlar ishlab chiqib, amaliyotga joriy etishi zarurligini ta'kidladi.

Fond hududiy bo'limlari va ziyoratgohlar tomonidan yo'l qo'yilgan kamchiliklar va foydalanilmay qolgan imkoniyatlar tahlil qilindi. Shuningdek, Fond faoliyatini yanada kengaytirish, tushumlarini ko'paytirish va tushayotgan mablag'larning sarflanishidagi shaffoflikni ta'minlash masalalariga alohida urg'u qaratildi.

“Vaqf” fondi faoliyati va rejalariga bag'ishlangan videolavha ham namoyish etildi.

Tadbirda 2019 yilda amalga oshiriladigan xayriya tadbirlari va fond faoliyatini yanada takomillashtirish uchun muhim vazifalar belgilab olindi.

 

“Vaqf” xayriya jamoat fondi matbuot xizmati

25 Yanvar, 2019 yil | 1390