O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondi va Malayziyaning Al Buxoriy xalqaro universiteti hamkorligida bir guruh yoshlar Malayziyada ta’lim oladigan bo‘lishdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2025 yil 14 fevraldagi mamlakatimiz yoshlari bilan muloqotida kambag‘allikni qisqartirishning eng samarali yechimi ta’lim ekani, bilimga chanqoq, lekin oilaviy sharoiti og‘ir bo‘lgan yoshlarni xorijda o‘qitish bo‘yicha yangi tizim joriy etilishi, kam ta’minlangan oilalarda hech bo‘lmaganda bitta farzand oliy ma’lumotli bo‘lishi uchun zarur sharoitlar yaratilishi haqida alohida ta’kidlangan edi.
Ana shu ezgu taklifning ijrosi sifatida O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan o‘tgan davr mobaynida respublika bo‘ylab boquvchisini yo‘qotgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning 130 ga yaqin farzandlari bepul o‘quv kurslari va kasb-hunar markazlariga jalb qilindi.
Xayrli ishlarning ko‘lamini yanada kengaytirish maqsadida fond tashabbusi bilan kam ta’minlangan oila farzandlarining xorijda ta’lim olishi uchun xorijiy davlatlar, xususan, Malayziyaning Al-Buxoriy xalqaro universiteti bilan amaliy hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.
Mazkur universitet vakillari poytaxtimizdagi “Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida o‘zbekistonlik yoshlar bilan suhbat-imtihon o‘tkazishdi.

Kecha Al-Buxoriy xalqaro universitetida o‘qish baxtiga muyassar bo‘lgan talabalarning ilk guruhini kuzatish marosimi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston musulmonlari idorasida bo‘lib o‘tgan tadbirda Diniy idora rahbariyati nomidan rais o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov so‘zga chiqib, katta orzu-umidlar bilan xorijga otlanayotgan yoshlarga nasihatlar berib, muvaffaqiyat tilab, haqlariga duo qildi. Talabalarga ona Vatanni qadrlashga undovchi, ma’naviyatni oshiruvchi adabiyotlar va bukletlar hadya qilindi.

Talabalar va ularning ota-onalari shunday sharoitlar qilib bergani uchun davlatimiz Rahbariga, tashkilotchilarga minnatdorlik bildirishdi. Yoshlar kelgusida sifatli va fundamental ta’lim olib, bildirilgan ishonchni oqlashga, malakali mutaxassis bo‘lib, yurt koriga yarashga va’da berishdi.
TA’LIM UCHUN, FARZANDLARIMIZNING BILIM OLISHI UCHUN EHSON QILING!