Muhtaram Yurtboshimiz tashabbuslari bilan tashkil etilgan “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan xalqimizning og'irini yengil qilish, muammolarini biroz bo'lsada aritish, dillariga xushnudlik olib kirish maqsadida ko'plab xayriya ishlarini olib bormoqda.
Shu maqsadda mehribonlik, saxovat va nuroniylar uylari, shifoxonalar, bemorlar, nogironlar, maktab-internatlari, moddiy yetishmovchiligi bor xonadonlar, boquvchisini yo'qotgan oilalarga beg'araz yordamlar ko'rsatib kelinmoqda.
Ana shunday xayriya ishlarning davomi sifatida bugun, 26 yanvarь kuni “Vaqf” fondi tomonidan “Muruvvat karvoni” nomli xayriya tadbirining navbatdagi bosqichi Andijon viloyatida o'tkazildi.
O'zbekiston musulmonlari idorasining Andijon viloyati vakilligi majlislar zalida katta tadbir o'tkazilib, 220 nafardan ziyod kishi ishtirok etdi. Unda kam ta'minlangan oilalarga oziq-ovqat mahsulotlari, yoshlarga kiyim-kechaklar, ma'rifiy adabiyotlar va nogironlar uchun aravachalar tarqatildi.
Tadbirda so'zga chiqqan Fond rahbari Iskandar Xalilov so'zga chiqib, Islom – mehr-muruvvat va saxovat dini ekani, insonlarga moddiy ko'mak berish, ularning og'irini yengil qilish, qalblariga xursandchilik kiritishga dinimizda ko'p targ'ib etilgani, Hazrati Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam “Modomiki bir banda o'z birodariga yordam berishga urinar ekan, Alloh taolo o'sha bandasiga yordam beradi”, degan hadislarining mazmun mohiyatini tushuntirib berdi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Andijon viloyatidagi vakili, bosh imom-xatib Nuriddin domla Xoliqnazorov haqiqatan ham, bir insonga yaxshilik qilib, uning ko'nglini ko'tarish, ruhiy tasalli berish – dinimizda ajri ulug' amal hisoblanishi, mana shunday hikmatni o'ziga shior qilib olgan “Vaqf” fondi savobli ishlar qilishda davom etib, Andijon viloyatidagi ko'ngli o'ksik qalblarga katta shodlik ulashganini alohida ta'kidladi.
– Shunday dorilomon kunlarga yetdik, ming shukr. Bu kunlarni necha odamlar orzu qilib yashadi. Biz kabi mehrga tashna kishilarni yo'qlab, hurmat-ehtirom ko'rsatib kelganlaringiz va sovg'alar ulashganingizdan minnatdorman, deya o'z so'zlarini izhor qildi andijonlik otaxon.
– Bugun o'g'limning yuzlaridagi quvonchni ko'rib, juda xursand bo'ldim, – deydi ko'z yoshlarini yashirolmay nogiron farzandning onai mehriborni. – O'ksik va murg'ak qalblarga shodlik ulashgan Prezidentimizdan juda-juda minnatdormiz.
Haqiqatan, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam:
“Ibodatdan keyingi eng afzal amallardan biri – mo'minlar qalbiga xursandchilik ulashish”, deb marhamat qilganlarida juda ham ulkan hikmat mujassamdir.
“Vaqf” fondi xayriya tadbirlarini davom ettiradi, Siz ham mana shunday savobli ishlarga hissangizni qo'shish bilan ko'ngillarni obod aylang!
“Vaqf” xayriya jamoat fondi Matbuot xizmati