Kuni kecha, 26 yanvarь kuni Andijon viloyatida O'zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondining o'tgan yildagi ishlari va galdagi rejalariga bag'ishlangan yig'ilish bo'lib o'tdi. Unda viloyatdagi barcha masjidlar imom-xatiblari ishtirok etdi.
“Vaqf” fondi rahbari Iskandar Xalilov 2018 yil 16 aprelda muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan “Vaqf” fondi tashkil etilgani, o'tgan 9 oy davomida fond hisobiga kelib tushgan mablag'lar kam ta'minlangan oilalarga moddiy yordam berish, nogironligi bor shaxslarga aravachalar tarqatish, masjid-madrasalarni obod etish va talabalarning kontraktlarini to'lab berish kabilarga sarflangani to'g'risida ma'lumot berib o'tdi.
Fond rahbari vaqf tushunchasini keng yoyish va Fond faoliyatini keng targ'ib etish borasida diniy soha xodimlari oldida turgan vazifalarni birma-bir sanab berdi.
O'zbekiston musulmonlari idorasining Andijon viloyatidagi vakili, bosh imom-xatib Nuriddin domla Xoliqnazarov “Vaqf” fondining xayriya ishlarida barcha imom-xatiblar faol ishtirok etishlari va Fondning faoliyatini keng quloch yoyishida hamma o'zining munosib hissasini qo'shishi zarurligini ta'kidladi. Shuningdek, u “Vaqf” fondining mazmun-mohiyatini keng xalq ommasiga tushuntirish va mo''tabar manbalarda keltirilgan vaqf masalasini bayon qilishga katta e'tibor qaratish zarurligini alohida qayd etdi.
“Vaqf” fondi faoliyati va rejalariga bag'ishlangan videolavha namoyish etildi.
Barcha imom-xatiblarga ish faoliyatida qo'l keladigan diniy-ma'rifiy kitoblar jamlanmalari tarqatildi. Shuningdek, ayrim imom-xatiblarni ijtimoiy qo'llab-quvvatlash maqsadida, ularning farzandlari uchun qishki kiyimlar ulashildi.
Tadbirda imom-xatiblar so'zga chiqdilar. Jumladan, Andijon viloyati Bo'z tumani bosh imom-xatibi Abdulahad Tojiboyev “Vaqf” fondining tashkil etilishi va keng ko'lamda faoliyat olib borayotgani juda katta tarixiy voqea bo'lgani, ushbu Fondning faoliyatini rivojlantirish uchun barcha imom-xatiblar munosib hissa qo'shishga jiddu jahd qilishlarini bildirdi.
“Vaqf” xayriya jamoat fondi matbuot xizmati