Rahmdillik – inson tabiatidagi eng go'zal tuyg'u

Alloh taoloning go'zal ismlarining aksari rahmat, karam, fazl va afv ma'nolaridan kelib chiqqan bo'lib, bu Parvardigorning bashariyatning gunohlarini kechib yuborishi ulardan intiqom olishi va g'azablanishidan ko'ra ko'proq sodir bo'lishini anglatadi. Shuning uchun ham Alloh taolo hadisi qudsiyda: “Albatta, rahmatim g'azabimdan g'olibdir”, - degan bo'lsa (Imom Muslim rivoyati), Qur'oni karimda esa bandalariga: “Ey, Rabbim! (Gunohlarimizni) mag'firat et va (holimizga) rahm ayla! Sen(o'zing) rahm qiluvchilarning yaxshisidirsan”, deb ayting”, - deb ta'lim bergan (Mo'minun surasi, 118-oyat).

Rahmdillik – bu inson tabiatidagi eng go'zal tuyg'u bo'lib, aynan mana shu tuyg'u orqali inson o'zgalarning g'am-anduhlarini his qiladi, uni bartaraf etishga oshiqadi, xato va kamchiliklariga o'kinadi va doimo tinchlik va xotirjamlik bo'lishi orzusi bilan yashaydi.


Yer yuzidagi barcha mavjudot va maxluqotlarning o'zaro mehribon va rahmdilliklari Alloh taoloning ularga O'z rahmatidan bergan bir bo'lagining tajallisidir. Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar:

Alloh taolo O'z rahmatini yuz bo'lak qildi va undan bir bo'lgini yerga tushirdi. Ana shu bo'lak tufayli xaloyiq bir-biriga mehr ko'rgazadi, hatto hayvon ham bolasini bosib olishdan qo'rqib tuyog'ini ko'taradi”(Imom Buxoriy rivoyati).


        Islom dini ta'limoti insonlarni nafaqat odamzodga nisbatan balki, bizni ihota qilib turgan barcha mavjudotlarga ham birdek mehribon bo'lishlikka targ'ib qiladi. Hatto, jamiyat uchun xavf tug'diradigan unsurlarni bartaraf etish ham, zararli hayvon yoki hasharotlarni o'ldirishga izn berilishi ham qaysidir ma'noda insoniyat uchun qilingan mehribonchilikning bir ko'rinishidir. Jarroh ham jarohatni davolash uchun bemorning tanasiga tig' uradi, a'zolarini kesadi va albatta, buni faqat bemorni davolash maqsadida, unga nisbatan rahm-shafqat yuzasidan qiladi.

Inson shunchalik ojiz bandaki, gohida bilib yoki bilmay gunoh ishga qo'l urib qo'yganda tavba va istig'for bilan birga Alloh taoloning “g'ofurur rahiym” sifatidan umid qiladi. Bu esa har bir inson Allohning naqadar kechirimli va marhamatli zot ekanini e'tirof etishini anglatadi.

Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam hadislarining birida: “Allohning xulqlari bilan xulqlaninglar”, - deb marhamat qilganlar. Allohning marhamatidan umidvor bo'lgan kimsa o'zgalarga ham marhamatli bo'lishi lozimdir. Mana shuni ta'kidlagan holda  Rasululloh sallallohu alayhi vasallam:

Odamlarga rahmli bo'lmagan kimsalarga Alloh ham rahm qilmaydi”, - deganlar (Imom Buxoriy rivoyati). Boshqa bir hadisda esa: “Kimki uning uchun jannatda binolar qurilishini va darajalari ko'tarilishini hohlasa, zulm qilganni avf etsin, bermaganga bersin va orani uzganga silai rahm qilsin”, – deganlar (Imom Hokim rivoyati).


        Yuqoridagilardan xulosa qiladigan bo'lsak, o'zgalarga nisbatan rahmdil va muruvvatli bo'lish eng ulug' fazilatlardan bo'lib, har bir inson o'zida mazkur fazilatni ziyoda bo'lishiga harakat qilmog'i lozim. Zero, rahmdillik tuyg'usi bizlarning qonimizga shunchalik singib ketganki, o'zaro mehr-oqibat, kattalarga hurmat, kichiklarga izzat hamda kechirimli bo'lish hissi halqimizga xos fazilatga aylangan.  

 

Abror SAYFUDDINOV,

“Hazrati Imom” jome masjidi imom-noibi

 

“Vaqf” fondi xayru ehsonlaringizni o'z egalariga yetkazishda ochiqlik va xolislikni kafolatlaydi. Mablag'larni shaffoflik asosida haqdorlarga yetkazilayotganini vaqf.uz sayti orqali kuzatib boring!

 

Xayriya aktsiyalari:➡️ http://vaqf.uz/uz/promote

 

"Vaqf" xayriya jamoat fondi Matbuot xizmati

28 Yanvar, 2019 yil | 2607