Yurtimizda nogironligi bo'lgan shaxslarni jamiyatga qo'shish, ularni to'laqonli hayot kechirishlari uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Ular bilan uchrashuvlar va suhbatlar tashkil etilmoqda.
Kuni kecha, 27 yanvarь kuni ham Andijon shahridagi “Imomi A'zam” jome masjidida viloyat istiqomat qilayotgan imkoniyati cheklangan fuqarolar, eshitish va gapirish qobiliyati cheklangan 600 nafarga yaqin fuqarolar uchun “Siz bizga keraksiz!” mavzusida ma'naviy-ma'rifiy tadbir o'tkazildi. Tadbirda eshitish va gapirish qobiliyati cheklanganlar e'tiborga, ehtiromga haqli ekani, mehr-oqibat ko'rsatish, qalblarga iliqlik ulashish har bir insonning burchi ekaniga alohida urg'u berildi.
Ushbu o'tkazilgan tadbirga “Vaqf” xayriya jamoat fondi boshqaruv rahbari Iskandar Xalilov, O'zbekiston musulmonlari idorasi Xotin-qizlar bo'limi mutaxassisi Munira Abubakirova va O'zbekiston musulmonlari idorasining Andijon viloyati vakili, viloyat bosh imom-xatibi Nuriddin Xoliqnazarov ishtirok etdi.
Tadbirga surdo tarjimonlari ham jalb qilindi.
Tadbirda so'zga chiqqanlar tomonidan Yurtimizda olib borilayotgan islohotlar, erishilayotgan yutuqlar, Prezidentimiz tomonidan xalqa farovonligi, yurt tinchligi yo'lida amalga oshirayotgan ishlar, xususan Islom asl insonparvarlik dini ekani yo'lida qilinayotgan barcha xayrli ishlari to'g'risida keng ma'lumotlar berildi.
Tashrif buyurganlar ichida to'g'ri yo'ldan adashib, keyin hidoyat topgan kishilar ham ishtirok etdi. Shu nuqtai nazardan, Islom dinining mazmun-mohiyati, insonparvarlik g'oyalari va mehr-muruvvatga doim buyurishi to'g'risida ham so'z yuritildi.
“Vaqf” xayriya jamoat fondining mazmun mohiyati va uning insonlar hayotida tutgan o'rni, kelgusida har bir viloyatdagi hamma uchun qulay bo'lgan markaziy masjidlarda imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun surdo tarjimoni yordamida juma mav'izalarini onlayn tashkil qilish kabi rejalari to'g'risida ma'lumotlar berildi.
Тадбир сўнгида барча иштирок этган имконияти чекланган фуқароларга “Вақф” хайрия жамоат фонди томонидан рўзғор учун керак бўладиган буюмлар ва диний-маърифий адабиётлар тарқатилди. Шунингдек, “Вақф” хайрия жамоат фонди томонидан эшитиш ва гапириш қобилияти чекланган шахсларга озиқ-овқат маҳсулотлари, тозаловчи кукунлар ва ўқув қуроллари улашилди.
Tadbirda o'zlarining minnatdorchiligi va dil izhorlarini aytishlik uchun so'zga chiqqan fuqarolar tomonidan ham ularga ko'rsatilayotgan bunday mehr va muruvvatdan ko'ngillari ko'tarilganligi, Prezidentimiz va boshqa mutasaddilar tomonidan amalga oshirilayotgan xayrli ishlar bardavom bo'lishini Alloh taolodan so'radilar.
Tadbiran keyin viloyatdagi ko'r, kar, soqov bo'lgan, jismoniy nuqsoni bo'lgan nogiron 6 nafar kishilarning uylariga borib, ularning holidan xabar olindi.
Xayriya tadbirlarida jami 101 million so'mlik xayriya sovg'alari taqdim qilindi.
Kelgusida shunday diniy-ma'rifiy tadbirlar yurtimizning boshqa viloyat va shaharlarida manzilli o'tkazilishi rejalashtirildi.
"Vaqf" xayriya jamoat fondi Matbuot xizmati