“Vaqf” xayriya jamoat fondi rahbari Iskandar Xalilov “Abdulloh ibn Muborak” jome masjidi tamal toshini qo'yishda ishtirok etdi

“Vaqf” xayriya jamoat fondi rahbari Iskandar Xalilov joriy yilning 21 fevralь kuni Buxoro viloyatining Qoravulbozor tumanida yangi qurilayotgan jome masjid tamal toshini qo'yish tadbirida ishtirok etdi. 

Buxoro viloyati Qorovulbozor tumanidagi yangi jome masjidga yirik muhaddis Abdulloh ibn Muborak nomlari berildi. Jome masjid poydevoriga birinchi tamal toshini O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari yaxshi tilak va xayrli duolari ila qo'yib berdilar. Muftiy hazratlari ushbu masjid mo'min-musulmonlar ehtiyoji, yoshlar tarbiyasi yo'lida katta xizmat qilishi, bunday ulug' savobli ishga hissa qo'shgan viloyat va tuman hokimliklari hamda mutasaddilari haqqiga duolar qildilar. Yangi jome masjid qurilishi tez orada yakunlanib, mo'min-musulmonlarimiz ixtiyoriga topshirilishini Alloh taolodan so'radilar.

Aytish mumkinki, ushbu tumanda shu kunga qadar birorta ham masjid yo'q edi. Yangi jomening qurilishi hudud aholisi uchun juda katta xursandchilik va tarixiy voqea bo'ldi.

Marosimda ulamolar, mahalla faollari va mo'ysafid otaxonlar ham ishtirok etdilar. Shuningdek, ulamolar, nuroniylar va ezgu niyatda yig'ilgan qalbi pok insonlar ham birin-ketin poydevorga g'isht quydilar.

 

"Vaqf" xayriya jamoat fondi Matbuot xizmati

22 Mart, 2019 yil | 2363