Buxoro viloyati Buxoro shahrida 300 nafardan ziyod eshitish va gapirish qobiliyati cheklanganlar orasida diniy muhitni sog'lomlashtirish maqsadida “Siz bizga keraksiz!” mavzusida ma'rifiy suhbat tashkil etildi.
Ushbu tadbirda barcha ma'ruzalar surdo tiliga tarjima qilingan holda olib borildi. Tadbirda "Vaqf" xayriya jamoat fondi boshqaruv raisining o'rinbosari, Buxoro viloyati hokimi o'rinbosari, viloyat bosh imom-xatibi, O'zbekiston musulmonlari idorasi mutaxassisi, tumanlar bosh imom-xatiblari va otinoyilar ishtirok etdi.
Ma'ruzachilar tomonidan imkoniyati cheklanganlarga har tomonlama ko'maklashish va muammolarini yechishda yaqindan yordam berish alohida ta'kidlandi.
Tadbir davomida eshitish va so'zlash bilan bog'liq nogironligi bo'lgan shaxslarga so'z berildi. Ular imkoniyati cheklangan kishilar orasida bunday tadbirlarni o'tkazish avvalo, Islom dini haqida yetarli ma'lumotlarni berishini ta'kidlashdi.
Tadbir qatnashchilariga “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan 12 446 000 so'mlik sovg'alar topshirildi.
Mazkur diniy-ma'rifiy tadbir ko'pchilikda katta taassurot qoldirdi. Xususan eshitish va gapirish qobiliyati cheklangan shaxslar ko'rsatilgan bunday ehtirom va e'tibordan minnatdor bo'ldilar.
Tadbirdan so'ng 6 nafar nogironligi bo'lgan xonadonlarga tashrif buyurilib, yaxshi so'z va sovg'alar berish orqalari ularning ko'ngli ko'tarildi.
"Vaqf" xayriya jamoat fondi Matbuot xizmati