«Vaqf» fondi Nurotada yana bir masjid qurilishini yakunlamoqda

Bugungi kunda "Vaqf" xayriya jamoat fondi tomonidan yurtimizning ko'plab hududlarida o'ndan ortiq masjidlarda qurish, qayta ta'mirlash ishlari olib borilmoqda. Ushbu xayrli va o'ta savobtalab ishlarda sahovatpesha hamyurtlarimiz imkoniyat doirasida homiylik qilmoqdalar. Ularning ko'maklari bilan masjidlar barpo etilib, namozxonlar uchun sharoitlar yaratilmoqda.

 

Ehsonparvar insonlar ko'magi bilan qurilayotgan yana bir masjidlardan biriga 2018 yilda dastlabki g'isht qo'yilgan edi. Navoiy viloyatining Nurota tumanidagi "Chuya" qishlog'ida qad rostlagan masjid qurilishi deyarli yakuniga yetkazilmoqda. 

 

Joriy yilning iyunь oyida "Vaqf" fondi boshqaruv rahbari Iskandar Xalilov ushbu qurilish ishlari borayotgan hududga tashrif buyurib, masjid qurilishi ishlarining borishini ko'zdan kechirdi hamda ba'zi tavsiyalarini berib o'tdi.

Qur'oni karim tilovatidan so'ng, ushbu ishga hissa qo'shayotgan savobtalab insonlar haqqiga duoi xayrlar qilindi.

 

"Chuya" qishlog'idagi masjid tog' yonbag'rida joylashgan bo'lib, unga qurilish materiallarini yetkazib berishda navoiyliklar faol qatnashmoqda.

 

Masjid 2019 yilning yakuniga qadar namozxonlar ixtiyoriga topshirilishi ta'kidlab o'tildi.

 

Fond rahbari I.Xalilov jamoa oldida so'zga chiqib, yurtimizda olib borilayotgan islohotlar, Ramazon oyining shukuhi va masjid qurilishi borasida o'z fikrlarini bildirib o'tdi. 

 

Bunday ezgu ishga hissa qo'shish istagidagi quruvchilar o'z mahoratlarini ko'rsatib, bor kuch-g'ayrat bilan mehnat qilishayotgani ham qayd etib o'tildi. 

 

Zero, masjid qurishning savobi ulug' ekani Islom manbalarida bayon qilingan. Bu haqda Anas ibn Molik (roziyallohu anhu)dan bunday rivoyat qilingan: “Kim masjidda bitta chiroq yoqsa, o'sha chiroqning nuri o'chgunicha farishtalar u kishining haqqiga istig'for aytib turadilar”. Mana shunday savobli ishlarga muxlis xalqimiz masjid binosi qurilishida faol ishtirok etmoqdalar. 

 

Haq taolo ushbu jome masjidning qad rostlayotgan yangi binosini fayzu barakotli aylasin.

 

"Vaqf" xayriya jamoat fondi Matbuot xizmati

18 Iyun, 2019 yil | 2603